Istanbulni boy bergan Erdo‘g‘an, Qozog‘istondagi portlash, O‘zbekistonga qaytarilgan millionlar va kunning muhim xabarlari sharhi

Jamiyat

image

Karimovaning Shveysariyada “muzlatilgan” millionlarining bir qismi O‘zbekistonga qaytariladi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning Shveysariya banklarida muzlatib qo‘yilgan pullarining 130 million franki (133 mln dollar) O‘zbekistonga qaytariladi. Bu haqda Shveysariya Bosh prokuraturasi xabar berdi.

Haydovchi, 1 iyuldan videokamerasi yo‘q YPX xodimiga hujjatiningizni ko‘rsatmang.

Joriy yilning 1 iyulidan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida bir qator o‘zgarishlar yuz beradi.

Ushbu sanadan e’tiboran, YPX xodimida videokamera bo‘lishi shart. YPX xodimi xizmat vaqtida mobil videokameradan foydalanishi va bu haqida yo‘l harakati qatnashchilariga ma’lum qilishi shart. Shuningdek, noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilsa, buni isbotlash uchun ushbu video yozuvdan foydalanilishi haqida haydovchini ogohlantirishi lozim.

Mobil videokamerasi bo‘lmagan YPX xodimiga haydovchi hujjatlarni taqdim etmaslik huquqiga ega.

Video: Qozog‘istonda kuchli portlash bo‘ldi. Aholi evakuatsiya qilinyapti.

Bugun, 24 iyun kuni Qozog‘istonning Turkiston viloyati Aris shahrida kuchli portlash yuz berdi. Chimkent shahar Favqulodda vaziyatlar departamenti ma’lumotiga ko‘ra, portlash “KazArsenal” MCHJ hududida sodir bo‘lgan.

Portlash soat 9:20 da harbiy aslahalar saqlanuvchi omborxonada yuz bergan.

Hodisa sabab hozirda jabrlanganlar soni 31 nafarga yetgan. Ulardan ikki nafarining ahvoli og‘ir ekani aytilgan. Bir kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Turkiston viloyati hokimi Umirzov Shukeyev ma’lumot berdi, deb xabar tarqatdi “Kazinform”.

Samvel Babayanning “tanka”si kim?

Bugun, 24 iyun kuni “Lokomotiv” stadionining majlislar zalida Samvel Babayan ishtirokida Matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Jurnalistlar tomonidan “Samvel Babayanning “tanka”si kim deb berilgan savolga “Lokomotiv” klubining yangi murabbiyi quyidagicha javob berdi.

“Meni taniydiganlar juda yaxshi biladiki, meni hech kim futboldan chetlata olmaydi. 7 yosh paytimdanoq futbolning ichidaman. Futbol uchun qo‘limdan kelganicha ko‘plab ishlarni amalga oshirganman. Menda “tank” yoki boshqa narsalar yo‘q. Mening jonimni faqat xudo olishi mumkin”, deb aytib o‘tdi Samvel Babayan.


Gulnora sog‘mi? Ombudsmanning aytgani advokatnikiga to‘g‘ri kelmayapti.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) joriy yilning iyun oyida Toshkent viloyatida Zangiota tumanida joylashgan umumiy rejimdagi ayollar koloniyasida bo‘lib, 2017 yildan buyon bu yerda saqlanayotdan mahukumalardan tushgan 203 ta murojaatni o‘rgangan.

Ombudsman tashrifi davomida Gulnora Karimova bilan ham uchrashgan.  Bu haqda Ombudsmanning rasmiy saytida xabar berilmoqda.

"Suhbat chog‘ida u (G.Karimova) e’tibor va o‘z vaqtida ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam uchun tashkilotning tibbiyot xodimlariga alohida minnatdorlik bildirdi.

O‘rganishlar davomida muassasa tomonidan Gulnora Karimovaning tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi uchun kardiologiya, nevrologiya, gastroenterologiya, endokrinologiya va ginekologiya sohasida yetakchi mutaxassislar jalb qilingani qayd etildi. Shuningdek, alohida tibbiy ko‘riklar IIV markaziy gospitalida amalga oshirilgan. Gulnora Karimova shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra, tizimli asosda kerakli tibbiy preparatlarni qabul qilmoqda. Bugungi kunda uning salomatligm umumiy jihatdan qoniqarli va sog‘lom ovqatlanish ratsioni tashkil etilgan", deyiladi xabarda.

Erdo‘g‘an uchun og‘ir yo‘qotish: Istanbul boy berildi!

23 iyun kuni Turkiyada Istanbul shahri rahbarligi uchun saylov bo‘lib o‘tdi.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, "Respublika xalq" partiyasi Ekrem Imomo‘g‘lu 54,03%, "Adolat va taraqqiyot" partiyasidan Binali Yildirim 45,09% ovoz to‘plagan.

Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, Istanbul Turkiyada hal qiluvchi shahar sanaladi. Hukumatda ishlayotgan ko‘plab rahbarlar Istanbuldagi faoliyati orqali ko‘zga tashlangan.

Jumladan, Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham siyosatdagi dadil qadamlarini Istanbul rahbarligidan boshlagan. Bu shahar rahbari lavozimida ishlaganlar esa Prezident bo‘lishi ehtimoli yuqori. Shu bois Ekrem Imomo‘g‘lu mamlakatda norasmiy yakkahukmronlikka o‘ch "Adolat va taraqqiyot" partiyasiga kelgusi Prezident saylovida katta xavf sifatida ko‘rilmoqda. Binali Yildirim esa Prezident Erdo‘g‘anning ishongan odamlaridan. U ikki yil avval Bosh vazir edi. Keyinroq, Parlament raisi bo‘ldi. Endi esa Istanbul rahbarligiga intilmoqda.

Yildirimning Istanbul rahbari bo‘lishini va o‘z partiyasi mamlakatning eng aholisi ko‘p shahrida hukmronlik qilishini hammadan ham ko‘p Prezident Rajab Toyib istayapti.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

61

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing