Istanbuldagi o‘zbeklar diqqatiga! 7,5 balli zilzila kutilmoqda
Olam
−
27 yanvar 2020
14391Turkiyaning aholi eng zich joylashgan shaharlaridan biri Istanbulda 7,5 balli kuchli zilzila kutilmoqda. Bu haqda norasmiy manbalar emas, balki mamlakat Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu xabar berdi.
24 yanvar kuni Elyazig‘ viloyatida sodir bo‘lgan 6,8 balli zilzila talafotlari haqida televideniyeda intervyu bergan Soylu “Istanbulda 7,5 balli zilzilani kutyapmiz. Ayni vaqtda zilzila ssenariysi ustida ishlayapmiz, hozirlik ko‘ryapmiz”, deydi.
“6,8 balli zilzilani boshdan kechirdik. Tashqaridan qaraganda, 6,8 balli yer silkinishi hammamizni qo‘rqitgan zilzila. Shunga qaramay, gap vaziyatni boshqarish haqida bormoqda. Elyazig‘da zilzila ro‘y bergan mahal biz Istanbulda zilzilaga tayyorgarlik bo‘yicha yig‘ilishda edik. Istanbulda 5,8 balli zilzila ro‘y bergandan keyin biz hozirlikni boshladik. Ayni vaqtda zilzila ro‘y bersa, nimalar qilishimiz, qaysi reja asosida harakatlanishimizga doir 28 ishchi guruh tuzilgan”, deydi Soylu.
Ma’lumki, Turkiyada bir necha yuz minglab o‘zbekistonlik migrantlar qaoliyat yuritadi. Ularning aksariyati Istanbulda istiqomat qiladi. Joriy yilning sentyabr oyida Istanbulda ro‘y bergan 5,8 balli zilzila va uning ortidan qayd etilgan aftershoklar mahalliy istanbulliklar va migrantlarda xavotir uyg‘otgan edi. Ichki ishlar vaziri Soylu ana shu vahimalarning oldini olish uchun zilzila ssenariysi ustida ishlayotganini aytdi.
“Har bir ishchi guruhning o‘z rahbarlari va tegishli bo‘linmalari bor. Biz hozirgacha ularni ko‘rib chiqish va Istanbuldagi qaysi guruh qanday qilib harakatlanishini tekshirish uchun baholash ishlarini olib boryapmiz. Zilzila ro‘y berdi deylik. Bu Topkapi saroyidagi barcha boyliklarni himoya qilishdan tortib, yig‘ilish o‘tkaziladigan joylardagi fuqarolarimizning ehtiyojlariga qadar harakatlanish demakdir. Bu esa juda murakkab ish”.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 yanvar kuni Turkiyaning Elyazig‘ viloyatida sodir bo‘lgan zilzila natijasida 39 kishi qurbon bo‘ldi. 103 kishining davolanishi davom etmoqda. 13 kishi og‘ir ahvolda. Bor-yo‘g‘i 45 kishi vayronalar ostidan sog‘-salomat qutqarib qolingan. 76 ta bino vayronaga aylandi. 645 ta bino xavfli holatda. 541 ta bino o‘rta va oz xavf ostida qolmoqda.
Joriy yilning 26 sentyabr kuni Istanbulda 5,8 balli kuchli zilzila qayd etilgan edi. Zilzila natijasida Avjilar mavzesida joylashgan masjidning minorasi qulab tushdi. Shuningdek, ko‘plab turar joy binolari jiddiy zarar ko‘rdi.
LiveBarchasi