Yer mojarosi sabab navqiron yigit qo‘shnisining qotiliga aylandi

Jamiyat

image

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudida yer mojarosi ortidan yuz bergan mudhish jinoyat – qotillik ishi bo‘yicha navqiron yigitga hukm o‘qildi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi Matbuot xizmati xabar berdi.

Bekmurod Safarov (ism-shariflar o‘zgartirildi) bilan Kamol Yusupovga qo‘ni-qo‘shnichilik ota-bobolaridan meros o‘tgan. Ammo ikki o‘rtada kelib chiqqan yer nizosi besh yildan buyon ikki oila a’zolarining kelishmovchiligiga sabab bo‘lib kelgan.

Voqeaga batafsilroq to‘xtalamiz. Bekmurod va uning oila a’zolari fermer xo‘jaligiga tegishli uylarining orqa tomonidagi 68 sotix yer maydonida 1997 yildan buyon dehqonchilik qilib kelgan. Ular qo‘shnisi Kamol Yusupov yangi fermer xo‘jaligi tashkil etguniga qadar ham ikkita fermer xo‘jaligi rahbari bilan kelishib, ana shu yer maydonida dehqonchilik bilan shug‘ullangan.

Fermer xo‘jaligining yangi raisi Kamol Yusupov o‘tgan yil kuzda, aniqrog‘i, 30 noyabr kuni Bekmurod Safarov foydalanib kelayotgan beda maydonini buzish maqsadida traktor soladi. Traktor ovozini eshitgan Bekmurod bedazorga chiqadi. Kamolga bedapoya yaxshi hosil berayotganini aytib, buzmaslikni so‘raydi. Qanday ekin ekishni aytsa, yer uning nomida bo‘lgani uchun bajarishini, fermer xo‘jaligi uchun ipak qurti ham parvarishlab berishga tayyor ekanini aytadi.

Kamoldan esa, qo‘rs javob eshitadi. U yer fermer xo‘jaligiga tegishli ekanini, bu maydonda qishloq xo‘jalik ekinlaridan hosil olish niyatida ekanini bildiradi.

Kechki payt uyda yana yer masalasi muhokama qilinadi. Shunda Bekmurod farzandlari Sherali bilan Farruxga yerga traktor kiritgani uchun dashnom beradi. Kechki ovqatdan keyin, Farruh akasi Sherali ko‘chaga chiqib ketayotganiga ko‘zi tushib, uning ortidan ergashadi.

Qorong‘uda Sherali qo‘shnisi Kamol bilan gaplashib turgandi. Farrux uyga qaytib, yerto‘ladan xo‘jalik boltasini oladi va yana ko‘chaga chiqadi.

Farrux qorong‘ulik qa’rida orqa tomonidan pusib borib, Kamol Yusupovning boshiga bolta bilan uradi. Kamol yerga yiqilgach, o‘zining jinoiy harakatini to‘xtatishga uringan akasi Sheralini chetga itarib yuboradi. Farrux Yusupovni boltaning sirti bilan yana ikki marta uradi. Voyeqadan qo‘ni-qo‘ni va Kamol Yusupovning qarindoshlari xabar topadi. Sherali ukasi Farruxni uyiga olib ketadi.

Kamol Yusupov darhol tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga olib boriladi. Unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramasdan, hayoti uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati olgani oqibatida o‘sha kuniyoq shifoxonada vafot etadi.

Marhumning yaqinlari suddan jinoyat ishi bo‘yicha aka-uka Safarovlarni birdek javobgarlikka tortilishini so‘ragan. Ammo sud dalillar bunga yo‘l qo‘ymagani uchun bu talablarni rad qilgan.

Sud sudlanuvchi Farrux Safarovni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j”, “i” bandlarida nazarda tutilgan ji¬noyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Unga nisbatan 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. 

Sudlanuvchi F.Safarovdan jabrlanuvchi F.Asatova foydasiga 10 million so‘m moddiy zarar undiriladigan bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

sud qotillik Samarqand

Baholaganlar

52

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing