Istanbuldagi cherkovda otishma uyushtirganlar sushi oshpazlari bo‘lib chiqdi

Olam

image

Turkiyaning Istanbul shahridagi cherkovda sodir bo‘lgan otishma ortidan qo‘lga olinganlar soni 60 nafarga yetdi, ulardan 26 nafari deportatsiya qilindi, 34 nafari esa ehtiyot chorasini tanlash uchun sudning dastlabki majlisiga olib borildi. Bu haqda “Habertürk” telekanali ma’lum qildi.

Turkiya Ichki ishlar vazirligi hibsga olinganlarning 2 nafari Rossiya va Tojikiston fuqarolari ekanini ma’lum qilgan. Bugun, 1 fevral kuni ertalab sudga olib borilganlar orasida hujumning bevosita aybdorlari hisoblangan bu ikki gumondor ham bor.

Qayd etilishicha, mazkur shaxslar Istanbuldagi xitoy restoranlaridan birida so‘nggi bir yil davomida ishlab, sushi tayyorlagan. Ular hujumdan keyin jiddiy ta’qib ostida qo‘lga olingan. Gumonlanuvchilar qurollaridan qutulib, soqollarini oldirish orqali tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishga uringan.

Ma’lumot uchun, hodisa 28 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan taxminan 11:40 da Sariyer tumanidagi Avliyo Meri katolik cherkovida sodir bo‘lgan. Ikki nafar niqobli bosqinchi o‘t ochgan va oqibatda 1972 yilda tug‘ilgan Turkiya fuqarosi halok bo‘lgan. Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoyaning so‘zlariga ko‘ra, hodisaga aloqador shaxslar ISHID terrorchilik guruhiga aloqador bo‘lishi mumkin.

Tergov ishlarini 150 nafar mutaxassisdan iborat guruh olib bormoqda. Aniqlanishicha, jinoyatchilar cherkovga Polsha davlat raqamlari bo‘lgan mashinada kelgan. U bir yil davomida Istanbuldagi umumiy yo‘llarda ko‘rinmagan. 

IHA agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘qlar Rossiya fuqarosi bo‘lgan D.T. tomonidan otilgan. Tojikiston fuqarosi A.K.ning quroli ishlamay qolgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq fuqarolarning ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblanib, Turkiyada qo‘lga olingan ikki o‘zbekistonlik deportatsiya qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul otishma

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing