Istanbulda saylov natijalari bekor qilindi. Unda muxolifat g‘alaba qozongandi
Jamiyat
−
07 may 2019
5548Turkiya Markaziy saylov komissiyasi Istanbulda o‘tkazilgan mahalliy saylovlar natijasini bekor qildi. Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi (ATP) vakili Rajab Ozel ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
“Istanbulda saylovlar qaytadan o‘tkaziladi. Ular omad olib kelsin”, degan Ozel.
Istanbuldagi qayta saylov joriy yilning 23 iyun kunida o‘tkaziladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Istanbuldagi saylov natijalarini bekor qilish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda kengashning 7 a’zosi rozi bo‘lgan, 4 a’zo qarshi ovoz bergan.
Eslatib o‘tamiz, Turkiyada 31 mart kuni mahalliy saylovlar o‘tkazilgandi. Istanbuldagi saylovda asosiy muxolif “Respublika xalq” partiyasi vakili Ekrem Imomo‘g‘li g‘alaba qozongandi. U 48,8 foiz ovoz olib asosiy raqobatchisi “Adolat va taraqqiyot” partiyasidan nomzod Binali Yildirimni 13 729 ta ovoz farqi bilan ortda qoldirgandi.
“Adolat va taraqqiyot” partiyasi shikoyatidan keyin MSK ovozlarni qayta sanab chiqdi. Natijada “Adolat va taraqqiyot” partiyasi hisobiga 10 mingdan ortiq ovoz qo‘shildi. Biroq yakuniy natija o‘zgarmay qoldi.
Imomo‘g‘li 17 aprel kuni Istanbul meri vazifasini bajarishga kirishdi. O‘sha vaqtda MSK “Adolat va taraqqiyot” partiyasining saylov vaqtida ko‘plab qoidabuzarliklar bo‘lgani uchun natijalarni bekor qilish to‘g‘risidagi apellyatsiyasini ko‘rib chiqayotgandi.
Muxolif “Respublika xalq” partiyasi 1994 yildan beri ilk bor Turkiyaning yirik shaharlari Istanbul va poytaxt Anqaradagi saylovlarda yetakchilik qila boladi. Shuningdek, uning nomzodlari Ismiz, Antalya, Adana va Mersinda ham g‘alaba qildi. Biroq umumiy hisobda 31 martda o‘tkazilgan mahalliy saylovlarda ATP g‘alaba qozondi.
LiveBarchasi
26 noyabr