Istanbulda dunyoni ochlikdan qutqarish bo‘yicha kelishuvga erishildi
Olam
−
14 iyul 2022
12034Turkiya, Rossiya, Ukraina va BMT delegatsiyalarining muzokaralarida Ukraina donini eksport qilish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi markaz tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu haqda Turkiya Mudofaa vaziri Hulusi Akar muzokaralardan so‘ng ma’lum qildi, deb yozadi “Anadolu”.
“Ijobiy va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuv natijasida Istanbulda barcha tomonlar vakillari ishtirok etadigan muvofiqlashtiruvchi markaz tashkil etish, portdan chiqishda va kelish punktlarida qo‘shma nazorat hamda xavfsizligini ta’minlash kabi asosiy texnik masalalar kelishib olindi”, degan Akar.
Uning ta’kidlashicha, butun dunyoga ta’sir qilgan g‘alla inqirozini hal qilish uchun Rossiya va Ukraina bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda, boshqa narsalar qatori, Ukraina portlaridan g‘alla va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini tashishning ahamiyatiga e’tibor qaratilgan. Vazirning qo‘shimcha qilishicha, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an inqirozning dastlabki kunlaridanoq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga murojaat qilgan hamda muntazam bu masalalarning muhimligini kun tartibiga chiqargan.
“Shu doirada Istanbuldagi “Kalender” pavilonida Turkiya, Rossiya va Ukraina Mudofaa vazirliklari harbiy delegatsiyalari bilan BMT delegatsiyasining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi”, degan u.
Vazirning qayd etishicha, bu yig‘ilish oziq-ovqat inqirozini yechishda muhim qadam bo‘lib, dengiz orqali don va boshqa oziq-ovqat kemalarini xavfsiz tashish bo‘yicha barcha tafsilotlar ishlab chiqilgan.
Hulusi Akar, ijobiy va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuv natijasida Istanbulda barcha tomonlar vakillari ishtirok etadigan muvofiqlashtirish markazi tashkil etish, portdan chiqishda va kelish nuqtalarida mushtarak nazorat, xavfsizlik navigatsiya kabi asosiy texnik masalalar kelishilganini qo‘shimcha qildi.
“Asosiy tamoyillar bo‘yicha kelishuv biz uchun alohida ahamiyatga ega. Ko‘ryapmizki, tomonlar bu muammoni hal qilishga tayyor. BMT bilan kelishilgan holda yechim topishga harakat qilamiz. Shu ma’noda Ukraina va Rossiya delegatsiyalarining kelgusi hafta Turkiyada yana uchrashishiga qaror qilindi. Ushbu yig‘ilishda barcha tafsilotlar yana bir bor ko‘rib chiqiladi va rasmiy hujjat imzolanadi”, degan vazir.
Hulusi Akar, Turkiya butun dunyo uchun insonparvarlik muammosi bo‘lgan oziq-ovqat inqirozining hal qilinishiga hissa qo‘shishda davom etishini, mintaqaviy va xalqaro tinchlik o‘rnatilishi uchun harakatini davom ettirishini ta’kidlagan.
Akar, shuningdek, Rossiya, Ukraina va Birlashgan Millatlar Tashkiloti delegatsiyalariga g‘alla va oziq-ovqat tashish masalasiga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirgan.
Ma’lumot uchun, 8 iyun kuni Rossiya va Turkiya tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Mavlud Chavusho‘g‘li Anqarada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda “Don yo‘lagi”ni yaratish masalasini muhokama qildilar. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avvalroq Kiyev o‘z portlarini minalardan tozalasa, Moskva Ukraina donini olib ketayotgan kemalarning to‘siqsiz o‘tishini kafolatlashi, Berdyansk va Mariupol kabi Rossiya nazoratidagi portlar orqali tovarlar eksport qilinishini ta’minlashi mumkinligini aytgan edi. U jahon oziq-ovqat bozoridagi muammolar 2020 yilning fevralida boshlanganini eslatib, Rossiyaning Ukraina portlarida donni to‘sib qo‘ygani haqidagi bayonotlarni feyk deb atadi.
Turkiya hukumati Ukraina g‘allasini Qora dengiz orqali yetkazib berish uchun xavfsizlik kafolatlarini ta’minlashi mumkinligini ma’lum qildi. TRT telekanali o‘tgan hafta Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma’muriyatidagi manbalarga tayanib, Ukraina g‘allasini yetkazib berish bo‘yicha yo‘l xaritasini amalga oshirish mexanizmi 80-90 foiz tayyor ekanligini va tegishli kelishuvlarga erishilsa, u amalga oshirilishi mumkinligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi