Issiqlik ta’minotida tariflar 5 barobar oshiriladimi?
Jamiyat
−
31 iyul 1182 3 daqiqa
So‘nggi kunlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar institutining barcha iste’molchilar uchun issiqlik ta’minoti tariflarida subsidiyadan manzilli ijtimoiy yordamga o‘tish haqidagi taklifi keng muhokama qilindi. Bugun, 31 iyul kuni tashkilot taklif etilgan ishlanmalar institut mualliflarining ilmiy tadqiqotlari ekanini iddao qilib, mazkur choralar davlat organlari tomonidan qabul qilinishi shart emasligini bildirdi. Bu haqda institutning Telegram-kanalida rasmiy bayonot e’lon qilindi.
Unda aytilishicha, institut 30 iyul kungi fiskal muloqotda soliq xarajatlari, soliqqa tortish va subsidiyalarning manzilliligini oshirish bo‘yicha olib borayotgan tadqiqotlari doirasida o‘z tahlil natijalari bilan o‘rtoqlashgan bo‘lib, ular tahliliy materiallar xolos.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti ayrim xabarlarda masala bir tomonlama – “tariflar 5 barobar oshiriladi” tarzida talqin etilayotganini qayd etgan.
Tashkilotga ko‘ra, mazkur taklif institut xodimlari tomonidan amalga oshirilgan tahliliy-ilmiy tadqiqot natijasi bo‘lib, “Fiskal muloqot” tadbirida ekspert va mutaxassislar muhokamasi uchun taqdim etilgan g‘oyadir. U hech bir rasmiy qaror, hujjat yoki qonun loyihasi maqomiga ega emas va ayni paytda amaldagi tariflarga hamda to‘lov tartibiga hech qanday o‘zgartirish kiritilgani yo‘q. Fuqarolar uchun issiqlik ta’minoti to‘lovlari avvalgidek davom etmoqda.
Bundan tashqari, taklifning mohiyati – tarifni “ommaviy oshirish” emas, balki davlat yordamini aniq manzilga yo‘naltirish ekani aytilgan. Unga ko‘ra, hozirgi tizimda subsidiya oila daromadi va mulkiy holatidan qat’i nazar barchaga bir xilda taqdim etilmoqda. Taklif esa ijtimoiy me’yor (uy xo‘jaligiga 60 kv.m yoki har bir ro‘yxatdagi fuqaroga 16 kv.m, ya’ni oilada a’zolar soni o‘rtacha 4 nafar bo‘lsa, 64 kv.m) doirasidagi iste’molni imtiyozli tarifda saqlab qolib, chinakam muhtoj oilalarga yordamni kuchaytirishni nazarda tutadi.
Tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, bu yondashuvda, masalan, Toshkent shahridagi maydoni 60 kvadrat metrgacha bo‘lgan kvartiralarning 45,4 foizi uchun to‘lov tartibi mutlaqo o‘zgarishsiz qoladi.
Institutning qayd etishicha, tadqiqotning asosiy maqsadi – davlat resurslarini aniq va adolatli taqsimlash, yordamni eng ehtiyojmand qatlamlarga yo‘naltirish imkoniyatlarini ilmiy jihatdan baholashdir. O‘rta muddatli istiqbolda muhtoj oilalarga Ijtimoiy himoya yagona reyestri orqali manzilli pul yordami ko‘rsatish taklif etilmoqda. Mazkur tahlillar turli ehtimoliy yondashuvlarning ijobiy va salbiy tomonlarini ochib berish uchun o‘tkaziladi.
Shuningdek, ta’kidlanishicha, institut faoliyatining mohiyati aynan ilmiy izlanish va fikr almashishdan iborat. Ilm-fan ochiq muhokamalar, turli qarashlar va fikrlar xilma-xilligi zamirida rivojlanadi. Har qanday taklif – bu yechim emas, balki muhokama uchun ochiq qo‘yilgan masaladir.
“Shu bois jamoatchilik, ekspertlar va manfaatdor tomonlarning bildirayotgan fikr-mulohazalarini biz qadrlaymiz hamda bunday muloqotni sog‘lom va tabiiy jarayon deb bilamiz. Institut bundan keyin ham o‘z tadqiqotlarini ochiqlik, xolislik va fuqarolar manfaatlarini hisobga olgan holda olib borishda davom etadi”, deyiladi rasmiy munosabatda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 iyul kuni imzolagan “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini yanada yaxshilashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 140-sonli farmoniga ko‘ra, O‘zbekistonda ichimlik suvi tariflarini tasdiqlash vakolati hukumat huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga o‘tkazilishi hamda har yili mart oyida “Suvni tejash oyligi” o‘tkazilishi xabar berilgandi.
Live
Barchasi