Issiqko‘l tubidan X-XI asrlarga oid noyob tangalar topildi
Olam
−
10:25 1179 2 daqiqa
Qirg‘izistondagi Issiqko‘l ko‘li tubidan arxeologlar X-XI asrlarga oid Qoraxoniylar davri tangalarini topdi. Bu haqda arxeologik tadqiqotlar hamrahbari, Rossiya Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti ilmiy xodimi Maksim Menshikov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, tangalar ko‘l tubidagi o‘rta asrlarga oid Toru-Ayg‘ir arxeologik majmuasida olib borilgan navbatdagi suvosti tadqiqotlari davomida topilgan. Olimlar ushbu majmuani bir necha yildan buyon o‘rganib kelmoqda.
Maksim Menshikovning aytiicha, topilgan tangalar tarkibida qo‘rg‘oshin miqdori juda yuqori bo‘lgan. Uning taxminiga ko‘ra, o‘sha davrda mis tanqisligi yuzaga kelgani sababli metall tarkibiga 90 foizgacha qo‘rg‘oshin qo‘shilgan bo‘lishi mumkin.
Mutaxassis bu kabi qo‘rg‘oshindan tayyorlangan tangalar insoniyat tarixida juda kam uchrashini qayd etgan. Tangalarning tarkibi bo‘sh va mo‘rt bo‘lgani sababli ularning saqlanish holati yaxshi emas, yozuvlarini o‘qish ham qiyin.
Ekspeditsiya davomida cho‘yan qozonning bir qismi, shuningdek, yirik sopol idishlarning parchalari ham topilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Qirg‘iziston hududida hozirgacha kuydirilgan g‘ishtdan qurilgan o‘rta asrlarga oid oltita inshoot ma’lum bo‘lgan. Toru-Ayg‘ir yodgorligi hududida esa arxeologlar yettita shunday inshootni aniqlagan.
Tadqiqotlar Rossiya Geografiya jamiyati homiyligidagi xalqaro suvosti arxeologiya ekspeditsiyasi doirasida o‘tkazilmoqda. Shuningdek, kuzda Issiqko‘l tubidan topilgan sopol buyumlarning nusxalari ko‘rgazmasi tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Ekspeditsiya ishtirokchilari asl topilmalarni Qirg‘izistondan olib chiqishi mumkin emas. Shu bois, Moskvadagi kulollar topilmalarning nusxalarini tayyorlamoqda. Ular asl buyumlarning fotosuratlari bilan birga namoyish etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro shahridagi Shahriston arxeologik yodgorligida Somoniylar davriga oid jome masjidining me’moriy bezaklari – kufiy yozuvlar tushirilgan ganch panel qoldiqlari aniqlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi