Isroilning talabi ortidan o‘n minglab falastinlik o‘z uyini tark etdi – BMT
Olam
−
14 Oktabr 2023
6866G‘azo sektorida yashovchi o‘n minglab aholi Isroil hukumatining janubga ko‘chish haqidagi chaqirig‘idan so‘ng, o‘z uylarini tark etdi. Bu haqda BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi xabar berdi.
"Payshanba kuni yarim tunda Isroil harbiylari G‘azo sektori shimolidagi taxminan 1,1 million aholini harbiy amaliyotlar boshlanishidan oldin 24 soat ichida janubga ko‘chishga chaqirdi. Soat 21:00 holatiga ko‘ra, o‘n minglab odamlar uylarini tashlab ketgan. Bu chaqiriqdan oldin Ichki ko‘chirilgan falastinliklar soni 400 mingdan oshgandi”, deya ta’kidlaydi rahbariyat.
Inson huquqlari tashkilotlari tinch aholi va fuqaro ob’ektlari Isroil havo hujumlarining bevosita nishoniga aylanib borayotganidan xavotir bildirgan.
HAMAS esa aholini Isroilning tavsiyasiga e’tibor bermaslikka chaqirdi. Shuningdek, ular BMTdan majburiy ko‘chirilishga qarshi chora ko‘rishni so‘radi.
Bundan tashqari, BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi Isroil Falastin anklaviga suv yetkazib berishni to‘xtatgani sababli G‘azo sektori aholisining aksariyati toza ichimlik suvidan mahrum bo‘lganini ma’lum qildi.
"Ko‘pchilik suv ta’minoti, tuzsizlantirish va suvni tozalash inshootlarining uzilishi tufayli toza ichimlik suviga ega emas. Eng oxirgi chora sifatida odamlar qishloq xo‘jaligi quduqlaridagi sho‘r suvni iste’mol qilishga majbur. Bu suv orqali yuqadigan kasalliklar tarqalishi mumkin bo‘lgan jiddiy xavotirlarni uyg‘otmoqda", deyiladi boshqarma bayonotida.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 8 oktyabr kuni Falastin anklaviga elektr energiyasi, yoqilg‘i yetkazib berish va suv ta’minoti to‘xtatilgan. 9 oktyabrda esa Isroil G‘azo sektorini to‘liq blokada qilish boshlanganini e’lon qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlari oqibatida 1,9 ming falastinlik halok bo‘lgani ma’lum bo‘lgandi.
LiveBarchasi