Isroilning Iordaniyadagi elchixonasi yaqinida otishma ro‘y berdi
Olam
−
24 noyabr
2588Bugun, 24 noyabr kuni Isroilning Iordaniyadagi elchixonasi yaqinida sodir bo‘lgan otishmada uch nafar xavfsizlik xizmati xodimi yaralandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Iordaniyaning “Petra” axborot agentligi xabariga ko‘ra, hujumchi poytaxt Ammanning Rabia hududida ishlayotgan politsiya patruliga qarata o‘q uzgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari javob o‘qini uzgan va jinoyatchi o‘ldirilgan. Politsiya Ammandagi otishma sodir bo‘lgan Rabia hududini o‘rab olgan va mahalliy aholini uylarini tark etmaslikka chaqirgan. Ayni paytda yaradorlarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
G‘azo sektorida urush boshlanganidan beri Isroilning dunyoning turli mamlakatlaridagi diplomatik vakolatxonalariga bir necha bor hujumlar uyushtirildi. Shunday qilib, oktyabr oyida Daniya va Shvetsiyada Isroil elchixonalari yaqinida portlash va otishmalar sodir bo‘ldi. Sentyabr oyida Myunxendagi Isroil bosh konsulligi yaqinida otishma sodir bo‘lgan edi. Iyun oyida bir kishi Isroilning Belgraddagi elchixonasini qo‘riqlayotgan serbiyalik politsiyachiga qarata o‘q uzgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Afg‘onistonning Bag‘lon viloyatidagi masjidda noma’lum shaxslar namoz o‘qiyotgan 12 kishini otib tashlagani haqida xabar berilgandi. Bag‘lon viloyati politsiyasi boshqarmasi boshlig‘i Abdul Qayur G‘odimning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari hodisa bo‘yicha bir nechta gumonlanuvchini hibsga olgan va jinoyat ishi yuzasidan tergov boshlangan. Hozircha hech bir ekstremistik guruh ushbu voqea uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.
LiveBarchasi