Isroilning G‘azoga bergan zarbasi oqibatida BMT xodimi halok bo‘ldi

Olam

image

Isroil harbiylari tomonidan G‘azo sektoriga berilgan aviatsiya zarbasi oqibatida BMT homiyligida faoliyat yuritayotgan tashkilotlardan birining kamida bir xodimi halok bo‘ldi, yana besh nafari og‘ir jarohat oldi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Loyiha xizmatlari boshqarmasi (UNOPS) ma’lum qildi.

UNOPS bayonotida aytilishicha, Isroil zarbasi oqibatida BMTga qarashli tashkilotlarda ishlayotgan olti nafar xorijlik jarohatlangan. Ulardan biri og‘ir ahvolda “Shuxada al-Aqso” shifoxonasiga olib borilgan, biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan. Qolgan besh jabrlanuvchining ham ahvoli og‘ir ekani ta’kidlanmoqda.

Hodisa G‘azo sektori markaziy qismida joylashgan Dayr al-Balax shahri yaqinida sodir bo‘lgan. Misrning “Al-Qohira al-Ixbariya” telekanali manbalariga ko‘ra, zarbaga uchragan BMT xodimlari G‘azo sektoridagi minalarni tozalash ishlari bilan shug‘ullanayotgan bo‘lgan. Ushbu holat yuzasidan BMT rasmiylari hozircha rasmiy bayonot bermagan.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish G‘azo sektorida tinch aholini nishonga olish va xalqaro inson huquqlari normalarining buzilishini keskin qoralab kelmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi mojarolar nafaqat Falastin hududida, balki butun Yaqin Sharq mintaqasida gumanitar inqirozni chuqurlashtirishi mumkin.

So‘nggi harbiy harakatlar va qurbonlar soni

Isroil armiyasi 18 mart kuni G‘azo sektorida HAMAS harakatiga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiyalar boshlanganini e’lon qildi. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu ofisining ma’lum qilishicha, ushbu harbiy harakatlar HAMAS yetakchilari xalqaro vositachilar va AQSH maxsus vakili Stiven Uitkoff tomonidan ilgari surilgan tinchlik takliflarini rad etganidan so‘ng boshlangan.

G‘azo sektori Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi zarbalar oqibatida halok bo‘lganlar soni 400 kishidan oshgan, jarohatlanganlar esa kamida 562 kishini tashkil qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 mart kuni Isroil G‘azo sektorida harbiy amaliyotlarini qayta boshlaganidan so‘ng HAMAS harakatining besh nafar rasmiysi halok bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing