Isroilning G‘azoga hujumlari kuchaydi

Olam

image

Isroil kecha, 27 oktyabr kuni kechqurun blokada qilingan G‘azo sektorining shimolidagi 150 ta nishonga zarba berdi. Bu haqda Isroil armiyasi bayonot berdi. 

“Isroil armiyasi HAMASning yer ostida joylashgan nishonlariga zarba berdi”, deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, vayron bo‘lgan ob’ektlar orasida yer osti tunnellari va qanot infratuzilmasi ham bo‘lgan. Shuningdek, HAMASning ko‘p sonli a’zolari o‘ldirilgani ma’lum qilingan.

Bundan tashqari, Isroil harbiy-havo kuchlari “Shifa” va Indoneziya shifoxonasi, Burij qochqinlar lageri atrofiga ham zarba bergan.

G‘azo sektoridan translyatsiya qiluvchi “Al-Aqsa” telekanalining xabar qilishicha,  Isroilning kechqurun boshlagan bombardimonlari tun bo‘yi davom etgan.

Aytilishicha, Isroil armiyasi tanki G‘azo sektorining shimoli-sharqida tankga qarshi raketalardan o‘qqa tutilgan. G‘azo sektorining turli hududlarida Falastin qarshilik kuchlari bilan Isroil askarlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan.

WAFA axborot agentligining yozishicha, Isroil aviatsiyasi G‘azo sharqidagi Al-Shati va Nuseyrat qochqinlar lagerlariga, shuningdek, Bayt Lahiya va Bayt Xanun hududlaridagi turar-joylarga hujum qilgan.

G‘azo sektoridagi yirik portlashlar fonida statsionar va mobil aloqa, shuningdek, internet butunlay uzilgan. Elektr yo‘qligi sababli fuqaro mudofaa guruhlari va tez yordam mashinalari bombalangan hududlarga yetib bora olmagan, halok bo‘lganlar va yaradorlar haqida ma’lumot hozircha mavjud emas.

O‘z navbatida, Falastin Jurnalistlari Ittifoqi Isroil internet va telefon aloqalari uzilgan G‘azo sektorida jurnalistlarga qarshi “qirg‘in” uyushtirishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Avvalgi oqshom Isroil armiyasi G‘azo sektorining shimoliy qismini bombardimon qilgan edi. Dastlabki zarbalar gaubitsalardan berilgan, keyin hujumga samolyotlar ham qo‘shilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq HAMAS o‘z kuchlari Isroil qo‘shinlari bilan to‘qnash kelganini ma’lum qilgan va Isroilning quruqlikdagi har qanday bosqiniga qarshi turishga tayyorligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing