Isroilning G‘azoga hujumida 28 falastinlik halok bo‘ldi 

Olam

image

Kecha, 19 noyabr kuni Isroilning G‘azodagi hujumlari kamida 28 falastinlikning o‘limiga sabab bo‘ldi. Bu Isroil va HAMAS o‘rtasidagi tinchlik bitimidan keyingi hujumlardan biri hisoblanadi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Qayd etilishicha, Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) bu hujumlarni Janubiy G‘azodagi Xon Yunus shahrida “bir nechta terrorchilar” Isroil askarlariga o‘q uzgani uchun amalga oshirilganini aytgan. SAXAL xabariga ko‘ra, ular tinchlik bitimini buzgan, ammo qo‘shindan hech kim jarohat olmagan.

HAMAS esa hujumlarni “jiddiy keskinlashuv” deb atagan va SAXALning bayonotini rad etib, Isroilni “davom etayotgan jinoyatlarini oqlashga” urinishda ayblagan. Shundan so‘ng, HAMAS AQSHni Isroilga “tezkor va jiddiy bosim o‘tkazib”, tinchlik bitimini hurmat qilishga chaqirgan.

Hujumlar BMT Xavfsizlik Kengashi AQSH Prezidentining tinchlikni barqarorlashtirish va G‘azoni tiklash rejasi tarafdori ekanini bildirganidan bir necha kun o‘tib sodir bo‘lgan.

G‘azodagi hujumlar tinchlik bitimidan keyin sodir bo‘lgan uchinchi yirik eskalatsiya hisoblanadi. Oldingi ikki eskalatsiyada (2025 yil 19 va 28 oktyabr) taxminan 150 falastinlik va 3 Isroil askari halok bo‘lgan. Shunga qaramay, tinchlik bitimi asosan saqlanib qolgan.

Halok bo‘lganlarning 9 nafari bolalar edi, kamida 77 kishi jarohatlangan. G‘azodagi Al-Ahli Baptist shifoxonasiga yaralangani uchun kelgan odamlar videoga olingan. Videoda odamlar jasadlar yonida o‘tirgani ko‘rinmoqda. Bir jasad uchun mo‘ljallangan sumka 3 ta bola jasadiga to‘g‘ri kelgan.

Eng ko‘p o‘lim kuzatilgan hudud G‘azoning sharqidagi Zaytun hududi bo‘lib, bu yerda 10 kishi, jumladan, bir ayol va bir bola halok bo‘lgan.

Xon Yunusning g‘arbidagi yana bir hujum esa “UNRWA klubidagi fuqarolar guruhini” nishonga olgan. UNRWA – BMTning Falastin qochqinlariga yordam va ishlash agentligi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil sulhdan keyin ham G‘azodagi 1,5 mingdan ortiq binoni vayron qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil hujum G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing