Isroil G‘azodagi cherkovga hujum qildi
Olam
−
20 Oktabr 2023
7577Bugun, 20 oktyabr kuni Isroil harbiy-havo kuchlari G‘azo sektoridagi yunon pravoslav cherkoviga hujum qildi. Bu haqda WAFA axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ko‘chirilgan falastinliklarga boshpana bergan tarixiy cherkovga uyushtirilgan hujum oqibatida kamida sakkiz kishi halok bo‘lgan, o‘nlab kishilar yaralangan. Qurbon bo‘lganlar orasida bolalar va ayollar ham bor. Hujum oqibatida falastinlik nasroniy va musulmon oilalarga boshpana bo‘lgan cherkov binosi vayron bo‘lgan.
Bundan tashqari, Isroil armiyasining G‘azo sektoridagi hujumi oqibatida yana bir masjid butunlay vayron qilingan.
G‘azodagi Ichki ishlar vazirligining bayonotida aniqlik kiritilishicha, Isroil kuchlari Falastin anklavining shimolidagi “Al-Umar” masjidiga hujum qilgan. Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.
HAMASning G‘azodagi vakili Salame Marufning aytishicha, Isroil qo‘shinlari o‘nlab ibodat joylariga zarar yetkazgan.
“Ular orasida yettita masjid va cherkov bor”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Isroil G‘azo sektoridagi “Es-Susi” "Al-Yarmuk”, “Al-Emin Muhammad”, “Ahmad Yasin”, “Muhammad El-Habib” va “Al-G‘arbi” masjidlariga zarba bergandi.
LiveBarchasi