Isroilning G‘azodagi harakatlari insoniyatga qarshi qirg‘in jinoyati – BMT
Olam
−
11 Oktabr
3485BMT surishtiruvi Isroilni HAMAS bilan bir yillik nizo davomida G‘azodagi sog‘liqni saqlash tizimini ataylab yo‘q qilish siyosatini yuritishda aybladi. Bu haqda CNN xabar berdi.
“Isroilning qamal qilingan Falastin anklavidagi harakatlari qasddan odam o‘ldirish, tibbiyot xodimlariga yomon muomala qilish kabi urush jinoyatlarini hamda insoniyatga qarshi qirg‘in jinoyatini tashkil etadi”, deyiladi BMT bayonotida.
Shuningdek, Xalqaro mustaqil surishtiruv komissiyasining Falastin hududi, Sharqiy Quddus va Isroil bo‘yicha hisobotiga ko‘ra, Isroil xavfsizlik kuchlari G‘azoda ataylab tibbiyot xodimlarini o‘ldirgan, hibsga olgan va qiynoqqa solgan, shuningdek, tibbiy transport vositalarini ham nishonga olgan.
“Isroil hujumlari oqibatida yoqilg‘i, oziq-ovqat, suv, dori-darmonlar va tibbiy buyumlari shifoxonalarga yetib bormagan, shuningdek, bemorlarning davolanish uchun hududni tark etish ruxsatnomalari keskin kamaygan”, deyiladi hisobotda.
Isroil Tashqi ishlar vazirligi ushbu ayblovlarni “sharmandali” deb atab, buni “komissiyaning Isroil davlatining mavjudligini delegitimizatsiya qilish borasidagi navbatdagi ochiq harakati” deb izohlagan.
Bundan tashqari, Isroil HAMAS sog‘liqni saqlash muassasalaridan o‘z harbiylarini yashirish, qurol-aslahalarni saqlash, hujumlar uyushtirish va garovga olinganlarni yashirish uchun foydalanayotganini da’vo qiladi. HAMAS esa buni qayta-qayta rad etib keladi.
Shuningdek, BMT hisobotida HAMAS va boshqa Falastin guruhlarini G‘azoda asir olingan isroilliklarni qiynoqqa solish, shafqatsiz munosabat va jinsiy zo‘ravonlik kabi jinoyatlarda aybladi. Komissiya Isroil qamoqxonalaridagi Falastin mahbuslariga nisbatan qiynoqni ham tekshirgan.
Isroil Tashqi ishlar vazirligi mahbuslarga nisbatan keng tarqalgan yomon muomala va qiynoqlar haqidagi ayblovlarni rad etib, Isroilning mahbuslarga munosabatda xalqaro huquqiy me’yorlarga to‘liq rioya etishini da’vo qilgan.
24 sahifalik hisobot huquqiy kuchga ega bo‘lmasa ham BMTning sobiq Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Navi Pillay hisobot bilan birga bergan bayonotda Isroil G‘azodagi misli ko‘rilmagan vayronokor harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishi zarurligini ta’kidlagan.
“Ushbu hujumlardan bolalar ayniqsa katta zarar ko‘rdi, xususan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita sog‘liqni saqlash tizimining qulashidan aziyat chekishdi”, deydi u.
Hisobot doirasida BMT mutaxassislari 5 yoshli falastinlik qiz Hind Rajabning o‘ldirilishini o‘rgangan. U yanvar oyi oxirida favqulodda xizmat xodimlaridan o‘zini va oilasini qutqarib qolishlarini so‘ragan yozuvi paydo bo‘lganidan keyin OAV sarlavhalaridan o‘rin egallagan. Ularning avtomobili Isroil tomonidan o‘qqa tutilgan.
Qiz hali tirik paytda voqea joyiga tez yordam mashinasi yetib kelganiga qaramay, Isroil kuchlarining borligi hududga kirishni to‘sgan. Rajabning va oila a’zolarining jasadlarini hodisadan 12 kun o‘tibgina o‘qqa tutilgan mashinadan olib chiqish imkoni tug‘ilgan.
Hisobotda Isroil armiyasining hududda faoliyat yuritgan 162-diviziyasi ushbu oilaning o‘limi, bundan tashqari tez yordam mashinasining o‘qqa tutilishi oqibatida halok bo‘lgan ikki nafar shifokor uchun ham aybdor ekani yetarli asoslar bilan aniqlangan.
“Bu G‘azodagi sog‘liqni saqlash tizimiga qilingan ko‘plab hujumlardan faqat bittasi bo‘lib, urush davri sharoitlari ichida amalga oshirilgan”, deyiladi xabarda.
Hisobot BMT Bosh Assambleyasiga to‘liq shaklda 30 oktyabr kuni taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroilning markaziy G‘azoda joylashgan maktabga havo hujumi kamida 28 kishini o‘ldirgani va yana o‘nlab odamlarni yaralagani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi