“Isroilning abadiyligini ta’minlaymiz”. Netanyaxu bayonot bilan chiqdi
Olam
−
28 fevral 4143 2 daqiqa
Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Bu haqda bugun, 28 fevral kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bayonot bilan chiqdi.
“Mening birodarlarim, Isroil fuqarolari, bugun Isroil va AQSH Erondagi terror rejimi keltirib chiqaradigan ekzistensial tahdidlarni bartaraf etish bo‘yicha operatsiya boshladi. Do‘stimiz, Prezident Donald Trampga “tarixiy yetakchilik” uchun minnatdorlik bildiraman”, degan Bosh vazir.
Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.
“Biz Eronni butun insoniyatga tahdid solishi mumkin bo‘lgan yadro quroli bilan qurollanishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak”, deydi Netanyaxu.
Uning bildirishicha, operatsiya Eronning yadro salohiyatini cheklash va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashni maqsad qilgan. Shuningdek, Isroil hukumati Eron xalqining o‘z taqdirini mustaqil belgilashi uchun sharoit yaratishga umid qilmoqda.
Netanyaxu murojaatida Eron jamiyatining turli qatlamlariga – forslar, kurdlar, ozarbayjonlar, balujlar va ahvoziylar vakillariga alohida to‘xtalib, ularni “istibdod bo‘yinturug‘ini uloqtirib tashlab, erkin va tinchlikka intilayotgan Eronni barpo etishga” chaqirdi.
Bosh vazir Isroil fuqarolarini Ichki front qo‘mondonligi ko‘rsatmalariga qat’iy rioya qilishga da’vat etdi.
“Biz birgalikda kurashamiz va birgalikda Isroilning abadiyligini ta’minlaymiz”, deya so‘zini yakunlagan Netanyaxu.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron hududida Isroil bilan birgalikda harbiy amaliyot boshlanganini e’lon qilgandi. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan.
Live
Barchasi