Isroilni xalqaro miqyosda ajratib qo‘yish kerak – Erdo‘g‘an
Olam
−
11 noyabr
5273Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Isroilga nisbatan qurol embargosini joriy qilish, u bilan savdoni to‘xtatish va xalqaro miqyosda ajratib qo‘yish zarurligini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 11 noyabr kuni Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida o‘tgan Arab davlatlari ligasi va Islom hamkorlik tashkiloti sammitida so‘z ochdi.
Erdo‘g‘anga ko‘ra, Isroilning maqsadi G‘azoda joylashish, G‘arbiy sohildagi Falastin tuzilmasini yo‘q qilish va oxir-oqibat uni bosib olish. G‘arb mamlakatlarining bir guruhi Isroilga har qanday harbiy, siyosiy, iqtisodiy va axloqiy yordam ko‘rsatib turgan paytda, musulmon mamlakatlarining yetarlicha javob bermagani shunday vaziyatga olib keldi.
“Falastinda genotsid sodir etganlarga qarshi majburiy choralar ko‘rish bo‘yicha tashabbuslarimizni muvofiqlashtirishni davom ettirishimiz juda muhim. Qurol embargosini joriy etish, savdoni to‘xtatish va Isroilni ajratib qo‘yish o‘ta zarur”, dedi Erdo‘g‘an.
Uning bildirishicha, Turkiya tomonidan BMTda Isroilga qurol embargosi joriy qilish tashabbusini 52 mamlakat va 2 xalqaro tashkilot qo‘llab-quvvatlagan.
“Biz ayniqsa imkon qadar ko‘proq BMT a’zosi hisoblanuvchi davlatlarni Janubiy Afrika Respublikasi tomonidan Isroilga qarshi Xalqaro sudda ko‘tarilgan (genotsid) ishiga qo‘shilishga chaqirishimiz zarur. Biz Netanyaxu hukumatiga Falastin yerlarini bosib olish uchun o‘ziga yarasha qiymatni his qildiradigan barcha aniq va real takliflarni amalga oshirishga tayyormiz”, dedi Erdo‘g‘an.
Turkiya rahbariga ko‘ra, Falastin masalasini faqat ikki davlat asosida hal qilish mumkin. Boshqa yo‘l bilan yechimga erishib bo‘lmaydi. Shuningdek, hozirgi sharoitda iloji boricha ko‘proq davlatlarni Falastinni tan olishga undash zarur.
“Ishonchim komilki, BMT Xavfsizlik kengashida qarshilik qilayotganlar yengiladi va biz Falastin davlati BMT a’zosi bo‘lgan kunni ko‘ramiz”, dedi Erdo‘g‘an.
U, shuningdek, Turkiya hozirga qadar G‘azoga 84 ming tonnadan ortiq gumanitar yordam jo‘natganini va agar cheklovlar olib tashlansa, ko‘proq yuk yuborishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Erdo‘g‘an Qur’onni yod olish va o‘qish bo‘yicha 9-xalqaro tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimida Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlariga nisbatan islom olamining yetarli munosabat bildirmaganini tanqid qilgan edi.
LiveBarchasi