Isroilliklar mudofaadagi sharmandali holat uchun Netanyaxuni ayblayapti
Olam
−
03 noyabr 2023
16390Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning 7 oktyabr kuni HAMAS hujumi paytida Isroil mudofaasidagi sharmandali muvaffaqiyatsizlik uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmayotgani yahudiylarni g‘azablantiryapti. Shu bois Isroil fuqarolarining aksariyati urushdan keyin Bosh vazirni iste’foga chiqishga chaqirmoqda. Bu haqda "Axios" nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Netanyaxu hech qanday aybni tan olmagan yagona amaldor bo‘lib qolmoqda. Bu strategiya esa jamoatchilikning qattiq noroziligiga sabab bo‘lyapti.
HAMAS hujumidan bir necha hafta o‘tgach , Isroil Mudofaa kuchlari shtab boshlig‘i general-leytenant Gerzi Halevi, harbiy razvedka boshlig‘i Aharon Haliva va boshqa yuqori martabali qo‘mondonlar xavfsizlikdagi kamchiliklarni tan olib, buning uchun javob berishga tayyorliklarini bildirgan.
Hattoki, Mudofaa vaziri Yoav Gallant ham jamoatchilikdan uzr so‘rab chiqqan. Netanyaxu esa bir necha bor urushdan keyin tergov bo‘lishini aytdi va Isroilning barcha oliy rahbarlari ma’lum darajada javobgarlikka tortilishini ma’lum qildi.
Ammo o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Netanyaxu jurnalistlarning Isroil razvedka va mudofaa idoralarining yo‘l qo‘ygan xatolari haqidagi savollaridan qochib, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishdan bosh tortgani ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘ldi.
U jurnalistlarning barcha savollariga "Bilmadim, men hozir faqat bir narsa – urushda g‘alaba qozonish haqida o‘ylayapman", deya umumiy javob bergan.
Netanyaxuning siyosiy ahvoli haqidagi so‘rovnomada isroilliklarning 70-80 foizi Netanyaxuning urushdan keyin iste’foga chiqishini kutayotganini aytgan. Tahlilchilarga ko‘ra, so‘rov natijalari u boshchiligidagi "Likud" partiyasining ham obro‘si sezilarli darajada tushib ketayotganini ko‘rsatmoqda.
LiveBarchasi