Isroilga qurol eksportini to‘xtatgan Mers tanqidga uchradi
Olam
−
09 avgust 6751 2 daqiqa
Avvalroq, Germaniya kansleri Fridrix Mers Isroilga harbiy mahsulotlar eksporti uchun ruxsatnoma berishni to‘xtatgandi. Germaniyaning Xristian-demokratik ittifoqi (XDI) partiyasidan bir qator deputatlar kanslerning ushbu qarorini keskin tanqid qildi. Bu haqda “Süddeutsche Zeitung” xabar berdi.
“Federal kansler Fridrix Mersning G‘azo sektorida ishlatilishi mumkin bo‘lgan mudofaa mahsulotlarini Isroilga yetkazib berishni to‘xtatish haqidagi qarori uning partiyasi ichida keskin e’tirozlarga sabab bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Partiya kengashi a’zolaridan birining so‘zlariga ko‘ra, kansler bu rejalari haqida ularni oldindan batafsil xabardor qilmagan. Mers tarafdorlari uni XDI rahbari etib saylashidan avval sobiq kansler Angela Merkel kabi partiyadoshlaridan uzoqlashmaslikka va’da bergan. Kengash a’zosining bashoraticha, agar kansler shu ruhda ish yuritishda davom etsa, “hukumat Rojdestvoga borib tugashi mumkin”.
“Mersning shunchaki omadi keldi, chunki Bundestag hozir yozgi ta’tilga chiqqan. Shuning uchun partiyadoshlar umumiy fraksiya yig‘ilishida uning qarorini tanqid qila olmayapti”, deydi yana bir XDI kengashi a’zolaridan biri.
Ushbu siyosatchining aytishicha, ayrim deputatlar Isroil Germaniyaga muhim mudofaa mahsulotlarini yetkazib berishni to‘xtatishi va razvedka ma’lumotlari almashinuvini cheklashidan xavotirda.
“Bild”ning yozishicha, Isroilga mudofaa mahsulotlari eksportini to‘xtatish qarori Germaniya hukumatidagi koalitsiya hamkori – Xristian-ijtimoiy ittifoq (XSI) xabarisiz qabul qilingan, bu esa XDI partiyasi bilan jiddiy kelishmovchiliklarga sabab bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, XDI/XSI fraksiyasi ishchi guruhi Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ertaga, 10 avgust kuni dam olish kuni va yozgi ta’til bo‘lishiga qaramay navbatdan tashqari onlayn yig‘ilish o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, Mersning bu qarori Isroil hukumati kecha, 8 avgust kuni G‘azo shahrini to‘liq bosib olish rejasini ma’qullagandan so‘ng qabul qilindi. Isroilning rejasiga ko‘ra, 1 million aholini evakuatsiya qilish talab etiladi va operatsiya bir necha oy davom etishi mumkin.
Live
Barchasi