Isroildagi o‘zbekistonliklar yana ogohlantirildi
Olam
−
22 iyun 8060 2 daqiqa
Isroildagi O‘zbekiston fuqarolari ushbu mamlakatda xavfsizlik bo‘yicha yangi cheklovlar joriy etilgani haqida ogohlantirildi. Bu haqda Tel-Avivdagi O‘zbekiston elchixonasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 22 iyun soat 03:45 dan 23 iyun 8:00 gacha mamlakatda xavfsizlik bo‘yicha yangi cheklovlar joriy etilgan. Bu qaror mamlakatdagi vaziyatning keskinlashuvi munosabati bilan qabul qilingan.
Shunga muvofiq, ilgari “cheklangan faoliyat” deb belgilangan hududlarda endi “zarur hollarda faoliyat” tartibi joriy qilindi, barcha ta’lim muassasalari o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Shuningdek, barcha ishlab chiqarish korxonalari yopiladi, faqat harbiy va tinch aholi ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan tarmoqlar bundan mustasno. Bundan tashqari, ish joyiga borish ham taqiqlanadi.
“Yurtdoshlarimizni yana bir bor xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishga, mamlakatda bo‘lish vaqtida ehtiyotkorlikni oshirishga va raketa otishmalari paytida boshpanalarni tark etmaslikka chaqiramiz”, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, elchixona rasmiy ma’lumotlardan xabardor bo‘lib borishni iltimos qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron va Isroil o‘rtasidagi urush tobora avj olib borayotgani bois O‘zbekistondagi isroilliklar ham ogohlantirilgandi. Ulardan jamoat joylarida yahudiy yoki Isroil ramzlarini ko‘rsatmaslik, ijtimoiy tarmoqlarda qayerda yashayotgani yoki qayerga sayohat qilmoqchiligi haqidagi ma’lumotlarni joylashtirmaslik, Isroil yoki yahudiylik bilan bog‘liq ommaviy tadbirlardan qochish, mahalliy xavfsizlik xizmatlari bilan hamkorlik qilish va xavf tug‘ilganda darhol ularning ko‘rsatmalariga amal qilish, jamoat joylarida hushyor bo‘lishni tavsiya qilgan.