Isroilda Bosh vazir qarorgohi yaqinida namoyish o‘tkazish taqiqlandi
Olam
−
28 Oktabr 2023
4044Isroil politsiyasi hukumat tomonidan olib borilayotgan ishlarni tanqid qilish uchun bugun, 28 oktyabr kuni rejalashtirilgan norozilik namoyishlariga ruxsat bermadi. Bu haqda “The Jerusalem Post” gazetasi xabar berdi.
“Isroil politsiyasi shanba oqshomida Bosh vazir Binyamin Netanyaxuning Kesariyadagi qarorgohi yaqinida rejalashtirilgan norozilik namoyishlariga ruxsat bermasliklarini aytdi, chunki ular urush paytida siyosiy namoyishlarga ruxsat bermayapti va politsiya kuchlari bunday yig‘ilishlarni tarqatib yuborish uchun harakat qilishi haqida ogohlantirdi”, deyiladi xabarda.
“Associated Press”ning yozishicha, ko‘pchilik isroilliklar Netanyaxu hukumati HAMASning mamlakatga hujumi oqibatlariga munosabatidan norozi ekanini ma’lum qilgan. So‘rovlar Netanyaxu va jamoasining reytingi “pasayib borayotganini” ko‘rsatgan. Bunga Vazirlar Mahkamasi rahbari uzoq vaqt davomida sodir bo‘lgan voqea uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagani sabab bo‘lgan.
“Aholining noroziligini Bosh vazirning shifoxonalarga bormagani va qurbonlarning oilasi bilan uchrashmagani ham kuchaytirmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq G‘azo sektoridagi voqealar sabab dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Isroilga qarshi namoyishlar bo‘lgan, buning ortidan Isroil Misr va Marokashdagi diplomatik vakolatxonalarini evakuatsiya qilgandi. Turkiya esa bugun, 28 oktyabr kuni Istanbulda bo‘lib o‘tadigan Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi yirik mitingga Saudiya Arabistoni, Misr, Liviya, Livan va Iordaniya rahbarlarini taklif qilgan.
LiveBarchasi