Isroilda armiya generallari ishdan bo‘shatildi

Olam

image

Isroil armiyasining (SAXAL) uch nafar generali va o‘nlab yuqori martabali qo‘mondonlari 2023 yil 7 oktyabr kuni HAMAS tomonidan amalga oshirilgan hujumning oldi olinmagani uchun ishdan bo‘shatildi. Bosh shtab boshlig‘i general-leytenant Eyal Zamirning qaroriga ko‘ra, ular nafaqat lavozimidan ozod qilingan, balki armiyaning zaxira tarkibidan ham chiqarib yuboriladi. Bu haqda kecha, 24 noyabr kuni “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, bo‘shatilganlar SAXALning sobiq razvedka boshlig‘i Aharon Xaliva, sobiq operativ boshqarma rahbari Oded Basyuk, o‘sha paytda janubiy harbiy okrugga mas’ul bo‘lgan general-mayor Yaron Finkelman.

Finkelman va Xaliva 2025 yil yanvarida o‘z xatolari sabab iste’foga chiqqan edi. Basyuk esa Isroil–Eron urushi tugagach, lavozimini tark etgan.

Bunga qo‘shimcha ravishda Isroil harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni Tomer Barga ham intizomiy chora qo‘llanildi. Yana to‘qqiz general va yuqori martabali ofitserlar javobgarlikka tortildi.

Oldingi Bosh shtab boshlig‘i Gerzi Xalevi mart oyida iste’foga chiqib, 7 oktyabrdagi harbiy xatolar uchun shaxsiy javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan edi. Uning o‘rniga tayinlangan Eyal Zamir qo‘mondonlarning faoliyatini qayta baholashni buyurgan.

Ushbu ishdan bo‘shatishlar noyabr boshida e’lon qilingan ekspertlar hisobotidan keyin amalga oshirildi. Hisobotda Isroil armiyasining ko‘plab yillik strategik va taktik xatolari keskin tanqid qilingan. Xususan:

  • 7 oktyabrga o‘tar kechasi qo‘shinlarning noto‘g‘ri joylashtirilgani,
  • qo‘mondonlik zanjiridagi jiddiy buzilishlar,
  • razvedkaning yirik hujum haqida o‘z vaqtida ogohlantira olmagani.

Hisobotda, shuningdek, strategik va operativ vaziyat bilan Isroil armiyasining G‘azo bo‘yicha “vaziyatni idrok etishi” o‘rtasida katta tafovut bo‘lgani aytiladi. HAMASning katta hujumga hozirligiga doir aniq ma’lumotlar bo‘lsa-da, u e’tiborga olinmagan.

Mudofaa vaziri Isroil Kats hisobot bo‘yicha sinchkov tekshiruv boshlaganini e’lon qildi. Mahalliy OAVga ko‘ra, u generallar ishdan bo‘shatilgani haqida matbuotdan bilib, bundan qattiq norozilik bildirgan. Zamir esa bunday tanqidni tushunarsiz deb atagan.

AFP agentligining qayd etishicha, Kats va Zamir o‘rtasida so‘nggi vaqtlarda keskinlik kuchaygan – buning sababi Zamirning 7 oktyabr voqealari bo‘yicha tizimli tergov talab qilib, hukumatdan ochiqchasiga uzoqlashganidir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil “Hizbulloh” harbiy rahbarini o‘ldirgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Isroil general

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing