Isroil yana Qizil yarim oy jamiyati qarorgohiga hujum qildi
Olam
−
03 yanvar
4119Isroil Falastin Qizil yarim oy jamiyatining G‘azo sektori janubidagi yordam tashkiloti qarorgohiga hujum uyushtirdi. Tashkilot ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida zarbadan so‘ng vahima ichida qochayotgan odamlar tasvirlangan videoni e’lon qildi.
Xon Yunusga qilingan hujumda Qizil yarim oy jamiyati binosini boshpana qilgan 5 nafar tinch aholi, jumladan, bir yangi tug‘ilgan chaqaloq halok bo‘ldi. Bu 2 yanvar kuni tashkilot qarorgohiga uyushtirilgan ikkinchi hujum edi. Uch nafar yaralanganlar orasida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan ko‘ngilli ham bor.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Tedros Gebreisus bundan afsusda ekanini aytdi.
“14 ming kishi G‘azo janubidagi qamal ostidagi Xon Yunus shahridagi shifoxonada boshpana olayotgan edi. Ularning ko‘pchiligi hozirda ketishdi, qolganlar esa o‘z xavfsizligidan juda qo‘rqib, boshpana va himoya so‘ragan joyini tark etishni rejalashtirmoqda”, deydi JSST rahbari.
Gebreisus G‘azo sektori aholisini oziq-ovqat, dori-darmon va suv kabi asosiy ehtiyojlar bilan ta’minlash uchun zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi xalqaro chaqiriqlarga qo‘shilganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida ham Xon Yunus shahridagi Falastin Qizil yarim oy jamiyatining qarorgohi o‘qqa tutilgan, oqibatda bir necha kishi yaralangandi.