Isroil Yaman poytaxtidagi aeroportni butkul vayron qildi (video)
Olam
−
06 may 9728 1 daqiqa
Kecha, 5 may kuni Isroil harbiy-havo kuchlari Yaman poytaxti Sana shahriga zarba berib, poytaxt aeroportini butkul vayron qildi. Bu haqda husiylar nazoratidagi “Al Masirah” telekanali xabar berdi.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil samolyotlari Sana aeroportining asosiy yo‘lovchi terminali va barcha texnik jihozlarini vayron qilgan. Shuningdek, Isroil qiruvchilari Yaman poytaxtining turli hududlaridagi energetika ob’ektlariga ham zarba bermoqda. “Dahban” elektr stansiyasiga ham zarbalar qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, 5 may kuni Yamanning husiylari Isroil aeroportlariga ko‘plab zarbalar berib, unga to‘liq havo blokadasi o‘tkazish niyatida ekanini e’lon qildi. Bayonot yahudiy davlatining havo hujumidan mudofaa tizimi 4 may kuni Yamandan uchirilgan raketalardan birini ushlay olmaganidan so‘ng yangradi. O‘z navbatida, Isroil rahbariyati strategik ahamiyatga ega husiy infratuzilmasiga zarbalarni qaytadan boshlashni buyurdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil harbiy-havo kuchlarining 20 ga yaqin qiruvchi samolyoti Yaman qirg‘oqlaridagi husiylar infratuzilmasiga, jumladan, Xodeyda port shahri va Bajil shahri yaqinidagi sement zavodiga zarba bergani xabar qilingan edi.