Isroil vaziri Turkiyani butunlay boykot qilishga chaqirdi

Olam

image

Isroil Milliy xavfsizlik vaziri, o‘ta o‘ngchi “Osma yexudit” (“Yahudiy kuchi”) partiyasi rahbari Itamar Ben-Gvir isroillik futbolchi Sagiv Yexezkel Turkiyada hibsga olinganidan keyin mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anni “haqiqiy natsist” deb atadi va isroilliklarni Turkiyani boykot qilishga chaqirdi. Bu haqda u o‘zining X (sobiq Twitter) sahifasida yozdi.

“Turkiya isroillik o‘yinchilarga va umuman, isroillik ma’nosiga ega bo‘lgan hamma narsaga natsizm asosida munosabatda bo‘ladi. Erdo‘g‘an haqiqiy natsist”, deb yozgan Ben-Gvir.

U isroilliklarni Turkiyaga uchmaslikka, turk tovarlarini xarid qilmaslikka yoki ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlamaslikka chaqirgan. 

“Isroil davlati va fuqarolari Turkiyaga nisbatan iltifot ko‘rsatmasligi kerak. Biz o‘zimizni oyog‘osti qilishlariga yo‘l qo‘ymaymiz”, deya qo‘shimcha qilgan vazir.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 14 yanvar kuni futbolchi Yexezkel “Antaliyaspor” - “Trabzonspor” uchrashuvida gol urganidan so‘ng qo‘lidagi bandajda yozilgan “100 kun. 7.10” yozuviga ishora qilgandi.

Bu yozuv 2023 yil 7 oktyabrda boshlangan Falastin-Isroil mojarosining 100-kunini anglatadi. Shundan so‘ng, klub direktorlar kengashi futbolchini jamoa ro‘yxatidan chiqarib yubordi. “Antaliyaspor” bu qarorini Yexezkel Turkiyaning milliy qadriyatlariga qarshi harakat qilgani bilan izohladi.

Yexezkel hibsga olinganidan keyin uning harakatlari provokatsiya emasligini aytdi. Bugun, 15 yanvar kuni Antaliya prokuraturasi Yexezkelni hibsdan ozod qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Isroil boykot Itamar Ben-Gvir Sagiv Exezkel'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing