Isroil va HAMAS XJS prokurorining talabini qoraladi

Olam

image

Isroil hukumati Xalqaro jinoiy sud bosh prokurorining Bosh vazir Binyamin Netanyaxu va Mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olish uchun order berish haqidagi iltimosini “tarixiy sharmandalik” deb hisoblamoqda. Bu haqda kecha, 20 may kuni mamlakat Tashqi ishlar vaziri Israel Kats ma’lum qildi.

Netanyaxuning o‘zi prokurorning so‘rovini “munozarali” deb atadi va “Likud” fraksiyasi yig‘ilishida bu uni ham, hukumatini ham to‘xtata olmasligini ta’kidladi.

TIV rahbarining aytishicha, Isroil XJS prokurorining order olishga urinishlariga qarshi kurashish uchun maxsus qo‘mita tuzadi, shuningdek, unga qarshi diplomatik choralar ko‘radi. 

“Kats dunyoning yetakchi davlatlari Tashqi ishlar vazirlari bilan prokuror qaroriga qarshi turishlari uchun gaplashishni rejalashtirmoqda”, deb xabar beradi AFP.

Isroil Prezidenti Isxak Gersog prokurorning iltimosini “xalqaro sud tizimi qulash xavfi borligiga” misol deb atadi.

“Bu butun dunyo bo‘ylab terrorchilarni ruhlantiradigan bir tomonlama siyosiy harakatdir. Bu shafqatsiz terrorchilar va demokratik yo‘l bilan saylangan Isroil hukumati o‘rtasida o‘xshashlik o‘rnatishga qaratilgan har qanday urinish g‘ayritabiiy va hech kim tomonidan qabul qilinishi mumkin emas”, deydi u.

Ayni paytda, HAMAS harakati ham XJS prokurorining talabidan noroziligini bildirdi.

"HAMAS harakati Xalqaro jinoiy sud prokurorining Falastinning bir qator qarshilik ko‘rsatuvchi yetakchilarini hibsga olish uchun order berish orqali jabrlanuvchini jallodga tenglashtirishga urinishlarini keskin qoralaydi", deyiladi harakat bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Xalqaro jinoiy sud bosh prokurori Karim Xon Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant va HAMASning uch yetakchisi: Yahyo Sinvar, Muhammad Al-Masri va Ismoil Xoniyani hibsga olish uchun order berishni talab qilgan edi. Prokuror bayonotida isroillik siyosatchilar va HAMAS yetakchilari urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun javobgar ekanligi ta’kidlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil HAMAS Bin'yamin Netan'yaxu XJS Karim Xon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing