Isroil razvedkasi XJS prokurori Karim Xonni kuzatgan

Olam

image

Isroil razvedka xizmatlari Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud xodimlari ustidan keng ko‘lamli kuzatuv o‘tkazdi va Isroil xavfsizlik kuchlarining Falastin hududidagi harakatlarini tergov qilishga xalaqit berish maqsadida uning ishiga aralashishga harakat qildi. Bu haqda Isroilning “Sixa Mekomit” va “+972” nashrlari hamda Britaniyaning “The Guardian” nashri kecha, 29 may kuni e’lon qilgan qo‘shma tekshiruvda xabar qilindi.

Jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, kuzatuv nishonlari orasida Xalqaro jinoiy sudning amaldagi prokurori Karim Xon ham bo‘lgan. U yaqinda Gaaga sudidan Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mamlakat Mudofaa vaziri Yoav Galantni harbiy jinoyatlarda gumon qilingan holda hibsga olish uchun order berishni so‘ragan edi.

Tekshiruv mualliflari Isroil razvedka xizmatlarining yigirmadan ortiq amaldagi va sobiq a’zolari va davlat xizmatchilari, XJS xodimlari, diplomatlar va advokatlar bilan suhbatlarga ishora qilmoqda. Nashrning ta’kidlashicha, Isroil deyarli o‘n yildan beri sudga qarshi yashirin "urush" olib bormoqda. Bu nafaqat kuzatuv, balki xakerlik hujumlarini ham o‘z ichiga oladi.

Xon bir necha oy davomida to‘g‘ridan to‘g‘ri kuzatilgan. Bu esa Bosh vazir Netanyaxuga Karim Xonning niyatlarini oldindan bilishga imkon berdi. Xonning qo‘lga kiritilgan yozishmalaridan kelib chiqqan holda, u bir muncha vaqt oldin Isroil rahbarlarini hibsga olish uchun order berishni so‘ramoqchi bo‘lgan, ammo buni istamagan. Sababi, unga bu masala yuzasidan Qo‘shma Shtatlar tomonidan kuchli bosim uyushtirilgan.

“The Guardian” gazetasining xabar berishicha, Isroil tashqi razvedka xizmati “Mossad”ning sobiq rahbari Yossi Koen 2017 yilgi maxfiy uchrashuvlar chog‘ida o‘sha paytdagi XJS prokurori Fatou Bensudaga tahdid qilib, uni Isroil urush jinoyatlari bo‘yicha tergovdan voz kechishga majburlagan. Tergov 2021 yilda boshlangan.

Isroil hukumati va armiyasi rasmiylari tergov ayblovlarini rad etdi. XJSning ta’kidlashicha, "sudga dushman" qator mamlakatlarning razvedka xizmatlari maxfiy ma’lumotlarni to‘plash va kuzatuv bilan shug‘ullangan. Shu bilan birga, sud matbuot xizmati Isroil razvedka xizmatlarining ushbu faoliyatdagi ishtirokini na tasdiqladi, na rad etdi.

Eslatib o‘tamiz, 20 may kuni Karim Xon sudning dastlabki tergov palatasidan Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, shuningdek, Mudofaa vaziri Yoav Galant va HAMASning uch nafar yetakchisini harbiy jinoyatlarda ayblab, hibsga olish uchun order berishni so‘rashini aytgandi. AQSH Prezidenti Jo Bayden bu qarorni g‘ayritabiiy, deb atadi. Buyuk Britaniya ham bunga qarshi chiqdi. Fransiya va Belgiya hukumatlari qarorni qo‘llab-quvvatladi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Xalqaro jinoiy sud Karim Xon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing