Isroil Prezidenti HAMAS bilan sulh haqida bayonot berdi
Olam
−
24 dekabr
4816Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarda sulh bitimiga erishish ehtimoli ortib borayotgani haqidagi xabarlarga qaramay, hali muhim burilish ro‘y bermagan. Bu haqda Isroil Prezidenti Isxak Gersogga tayanib, “Bild” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Isroil delegatsiyasi Qatarda HAMASning bitim tafsilotlariga javobini kutmoqda, lekin ijobiy javob olish ehtimoli kam.
Shuningdek, Isxak Gersog G‘azo sektorida 444 kundan beri asirlikda qolayotgan va asosiy gumanitar yordam, dori-darmon yoki Qizil Xoch vakillari tashriflarisiz qolgan qariyb 100 nafar garovdagi shaxsni eslatib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq HAMAS Isroil bilan G‘azo sektori bo‘yicha sulhga erishish ehtimoli har qachongidan yaqinroq ekani haqida bayonot bergan edi. Unga ko‘ra, Misr poytaxti Qohirada o‘tkazilgan uchrashuvdan so‘ng HAMASning Isroil tomoni bilan G‘azo sektori bo‘yicha sulhga erishish ehtimoli ancha yaqinlashgan.
Shuningdek, “Bloomberg” isroillik rasmiylarga tayanib, Isroil hukumati va HAMAS harakati muzokaralarda katta yutuqqa erishganini va G‘azo sektorida sulh tuzishga yaqinlashganini xabar qilgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mintaqada otashkesim o‘rnatilishi o‘tgan yilga nisbatan ancha realroq istiqbolga ega. Manbalar bu hafta muzokaralardagi ijobiy o‘zgarishlar fonida Isroildan bir ishchi guruhning Dohaga yo‘l olganini, u yerda kelishuv bo‘yicha vositachilar bilan aloqalarni tiklash rejalashtirilganini ma’lum qilgan. Isroil Mudofaa vaziri Isroil Katsning kecha, 16 dekabr kuni parlamentdagi nutqida bildirishicha, sulhga erishish “ilgari hech qachon bo‘lmagan darajada yaqin”.