Isroil parlamenti qarshisida minglab namoyishchi Netanyaxuning iste’fosini talab qildi
Olam
−
08 noyabr 2023
5824Quddusdagi Isroil Knesseti (parlamenti) binosi yonida 1,4 mingga yaqin kishi Bosh vazir Binyamin Netanyaxuning iste’fosini talab qilib norozilik namoyishi o‘tkazdi. Bu haqda “The Times of Israel” gazetasi xabar berdi.
Aksiya HAMAS tomonidan uyushtirilgan hujumning 30 kunligi munosabati bilan o‘tkazilgan. Tadbirni mamlakat janubiy viloyatlarida sodir etilgan hujumda halok bo‘lganlarning yaqinlari tashkil qilgan.
Aksiyaning birinchi qismi siyosiy talablarsiz o‘tgan. Ishtirokchilar yonib turgan shamlar orqali “7.10” (7 oktyabr) raqamlarini yasagan, shuningdek, G‘azo sektorida garovga olingan 240 kishining fotosuratlarini panjara ustiga yopishtirgan.
Aksiyaning ikki tashkilotchisi – keksa ota-onasi HAMAS tomonidan o‘ldirilgan Maoz Inon va o‘g‘lini yo‘qotgan Yakov Godot parlament yaqinida chodir tikib, Netanyaxu hokimiyatdan ketgunicha unda yashashini aytgan. Ular G‘azo sektoridagi urushga qarshi ekanini va o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, 4 noyabr kuni kechqurun yuzlab kishilar Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning Quddusdagi qarorgohi atrofidagi politsiya to‘siqlarini buzib o‘tishga uringandi. Ular ham Netanyaxuning iste’fosini talab qilgandi.
LiveBarchasi