Isroil muxolifati yetakchisi G‘azodagi urushni to‘xtatishga chaqirdi
Olam
−
04 Sentabr
4831Isroildagi parlament muxolifati yetakchisi Yair Lapid Falastinning HAMAS harakati bilan garovga olinganlarni ozod qilish va G‘azo sektoridagi urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishishga chaqirdi. Bu haqda u X tarmog‘ida ma’lum qildi.
“Netanyaxu bizga yillar mobaynida davom etadigan, tugash sanasi noma’lum urush, iqtisodiy inqiroz, vayronagarchilik va zo‘ravonlikni taklif qilmoqda. Buni qabul qilib bo‘lmaydi. Isroil davlati bu urushni o‘z shartlari asosida tugatishi kerak. Garovga olinganlar uchun kelishuv tuzing va masalani yoping. Urushni tugatish Isroilning xavfsizligi, iqtisodiy va siyosiy manfaatlariga mos keladi”, deb yozadi Lapid.
Muxolifat yetakchisiga ko‘ra, ayni paytda hokimiyat tepasida turgan hukumat davrida ham urush davom etadi. Negaki hukumat tinchlik va xotirjamlikka qanday erishishni xohlamaydi va bilmaydi.
Lapid shuningdek, Isroil oldida turgan bir qancha global strategik vazifalar – AQSH va Saudiya Arabistoni ishtirokida Eron tahdidiga qarshi mintaqaviy koalitsiya tuzish, iqtisodiyotni tiklash, mavjud tahdidlarga qarshi kurashish uchun qurolli kuchlarni yanada rivojlantirish masalalarini keltirib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Tel-Avivda muxolifatdagi Isroil Milliy birlik partiyasi yetakchisi Benni Gans va asosiy muxolifat yetakchisi, sobiq hukumat rahbari Yair Lapid bilan uchrashgandi. Yair Lapid o‘shanda Vashingtondan kelgan mehmon bilan suhbatda G‘azo sektoridagi 120 mahbusni o‘z uylariga qaytarish muxolifatning “yagona maqsadi” ekanligini ta’kidlagan va mahkumlarni almashish bo‘yicha kelishuvga erishish zarurligini ta’kidlagan.
LiveBarchasi