Isroil maxsus kuchlari “Hizbulloh”ning dengiz qo‘mondonini qo‘lga oldi
Olam
−
03 noyabr
6825Isroil Harbiy-dengiz kuchlari maxsus bo‘linmasi Livan shimolidagi Batrun qirg‘oq shaharchasida “Hizbulloh” qo‘mondoni deb gumon qilinayotgan Imod Amxaz ismli shaxsni qo‘lga oldi. Bu haqda kecha, 2 noyabr kuni “Axios”ning isroillik jurnalisti Barak Ravid Isroil hukumati vakiliga tayanib xabar berdi.
“Isroil rasmiylardan biri menga mamlakatning maxsus kuchlari kecha tunda Livan shimolidagi operatsiya chog‘ida “Hizbulloh” harbiy-dengiz kuchlarining yuqori martabali a’zosi Imod Amxazni qo‘lga olganini aytdi”, deb yozgan jurnalist o‘z sahifasida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mondon so‘roq qilish va “Hizbulloh”ning dengizdagi operatsiyalari haqida yangi ma’lumot olish uchun hibsga olingan. Qo‘mondon Bayrutdan 55 km shimolda katerda o‘g‘irlab ketilgan. Ayni paytda Livan Jamoat ishlari va transport vaziri Ali Xami mahalliy OAVga Isroil maxsus kuchlari Dengiz transporti institutida tahsil olayotgan fuqarolik kemasi kapitani qo‘lga olganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Hizbulloh” harakatining sobiq rahbari Hasan Nasrulloh o‘rnini Naim Qosim egallagani e’lon qilingandi. 71 yoshli Qosim harakat ichida “ikkinchi raqam” deb atalgan. 1991 yildan o‘rinbosar lavozimida bo‘lgan. Isroil Tashqi ishlar vazirligi esa harakatning yangi rahbarini ham o‘ldirish bilan tahdid qilgandi. Shundan so‘ng Qosim ilk bor omma oldida chiqish qilib, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni yo‘q qilish bilan tahdid qilgandi. Bundan tashqari, Naim Qosim “Hizbulloh” sobiq rahbari, Isroil tomonidan yo‘q qilingan Hasan Nasrulloh olib borgan ishni davom ettirishga sodiqligini, Nasrulloh yo‘lidan borishini bildirgandi.
LiveBarchasi
04 noyabr