Isroil maxfiy hujjatlar oshkor etilishi sababli Eronga hujumni keyinga qoldirdi – “The Times”

Olam

image

Isroil AQSHning maxfiy harbiy ma’lumotlari sizdirilgani sababli Eronga javob zarbasini kechiktirdi. Bu haqda harbiy manbalarga tayanib, Britaniyaning “The Times” nashri bugun, 24 oktyabr kuni xabar berdi.

O‘ta maxfiy ma’lumot o‘tgan hafta oxirida eronparast Telegram-kanalda e’lon qilingan va unda Isroilning ehtimoliy javobiga AQSH baho bergandek tuyuldi.

“Nashr qilingan hujjatda Isroilning Golden Horizon va Rocks ballistik raketalari tilga olingan”, deb yozadi “The Times”.

Qayd etilishicha, Isroil bu ma’lumotlarning sizib chiqishi Eronga hujumni bashorat qilishga yordam berishidan xavotirda. Natijada muqobil reja ishlab chiqilgan.

“AQSH hujjatlarining oshkor etilishi ma’lum strategiya va komponentlarni o‘zgartirish zarurati tufayli hujumni kechiktirdi. Javob bo‘ladi, ammo bu kutilganidan ko‘proq vaqt talab qildi”, dedi razvedka manbasi.

AQSH razvedka ma’lumotlarining sizib chiqishini tekshirmoqda

19 oktyabr kuni CNN telekanalining xabar berishicha, Qo‘shma Shtatlar Isroilning Eronga qarshi javob qaytarish rejalariga oid yuqori darajadagi maxfiy ma’lumotlarning sizib chiqishini tekshirmoqda. Nashr etilgan hujjatlarda so‘nggi kunlarda Isroil havo kuchlarining bir nechta bazalarida amalga oshirilgan chora-tadbirlar batafsil bayon etilgan. Xususan, gap Eronga hujum qilish uchun mo‘ljallangan o‘q-dorilarni tashish, Isroil harbiy-havo kuchlari tomonidan razvedka samolyotlari va qiruvchi samolyotlar ishtirokida keng ko‘lamli o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish va “havo-yer” raketalaridan foydalanish, shuningdek, Isroilning dron operatorlari bo‘linmalari Eronga hujum qilishga tayyorlanishi haqida bormoqda.

Eronparast Telegram-kanalning da’vo qilishicha, u e’lon qilgan hujjatlar Amerika razvedka idoralari: Milliy xavfsizlik agentligi va Milliy geofazoviy-razvedka agentligi tomonidan tuzilgan.

CNN ta’kidlashicha, qog‘ozlarda ularni faqat Qo‘shma Shtatlar va uning “Besh ko‘z” razvedka alyansidagi ittifoqchilari – Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya va Buyuk Britaniya ko‘rishi mumkinligiga ishora qiluvchi belgilar mavjud.

Ma’lumot uchun, 1 oktyabr kuni Eron Isroilga bir yil ichida ikkinchi yirik hujumni uyushtirdi va mamlakatga 200 ga yaqin raketa otdi, ularning aksariyati havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan tutib olindi. Tehron bu hujumni “Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrulloh va HAMAS yetakchisi Ismoil Xoniyaning o‘ldirilishiga javob deb atadi.

Isroil Mudofaa kuchlari matbuot kotibi Daniel Hagarining ta’kidlashicha, Eron raketalarni otish orqali Isroilning minglab tinch aholisini "o‘ldirish" niyatida. Netanyaxu Eron “katta xatoga yo‘l qo‘ygani va buning uchun badal to‘lashini” aytdi.

19 oktyabr kuni Livandan uchirilgan uchuvchisiz samolyot Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning Kesariya shahridagi shaxsiy qarorgohiga hujum qilganidan so‘ng, Isroil Bosh vaziri Tehron va uning ittifoqchilarini uni va uning rafiqini o‘ldirishga uringanlikda aybladi. Netanyaxu Eron va uning ittifoqchilari Isroil fuqarolariga zarar yetkazmoqchi bo‘lsa, “katta to‘lov” qilishlari bilan tahdid qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Avstraliya Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made