Isroil Madrimov Fyuri va Usik anderkardida jang qilishi mumkin
Sport
−
01 Sentabr
15454O‘zbekistonlik professional bokschi Isroil Madrimov navbatdagi jangini joriy yilning dekabr oyida o‘tkazishi mumkin. Bu haqda “Boxingnews 24” yozmoqda.
Madrimovning promouteri Eddi Hirnning aytishicha, Turki Al ash-Sheyx 21 dekabr kuni Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahridagi “Kingdom Arena” majmuasida tashkil etiladigan boks oqshomida super yarim o‘rta vazn toifasida WBA sobiq chempioni Isroil Madrimov jang qilishini xohlaydi. Mazkur oqshomning markaziy jangi ukrainalik Aleksandr Usik hamda britaniyalik Tayson Fyuri o‘rtasida kechadi.
Promouterga ko‘ra, Turki unga va Madrimovga qo‘ng‘iroq qilib, “Men sizlarni 21 dekabrga mo‘ljallangan kardda bo‘lishingizni istardim”, deb aytgan.
Matchroom’ning ijrochi direktori Eddi Hirn Kanelo va Kroufordning ehtimoliy jangi haqida ham gapirib o‘tdi.
“Krouford faqat Kanelo Alvares bilan jang qilmoqchi. Uni boshqa hech kim qiziqtirmaydi. Virjil Ortis bilan jang ham unga qiziq emas. Isroil Madrimovga ham revansh bermaydi. Terens aniq Jaron Ennis bilan jang o‘tkazmaydi. Yana kim bor? Sebastyan Fundora? Yo‘q, u katta daromad keltiradigan jangni xohlayapti. Kroufordni Saul Alvares (Kanelo)dan boshqa janglar qiziqtirmaydi”, deydi Hirn.
Ma’lumot uchun, vazn toifasidan qat’i nazar (P4P) reytingiga kirish uchun o‘zbekistonlik bokschi Isroil Madrimov 3 avgust kuni AQSHning Los-Anjeles shahridagi 22 ming tomoshabin sig‘imiga ega “BMO Stadium” arenasida kechaning markaziy jangida amerikalik Terens Kroufordga qarshi ringga ko‘tarildi. Kaliforniya shtatida o‘tgan boks oqshomida Madrimov afsonaviy Kroufordga ochkolar (115-113, 115-113, 116-112) hisobiga mag‘lub bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Madrimov The Ring reytingida afsonaviy Krouforddan keyingi o‘rinni qayd etgandi.