Isroil Livanga yana zarba berdi (video)
Olam
−
20 Sentabr
4585Isroil harbiylari bugun, 20 sentyabr tushdan keyin Bayrutning janubiy chekkasiga zarba berdi. Bu haqda Livandagi ikki xavfsizlik manbasiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Isroil harbiylari Bayrutga “maqsadli zarba” berganini ma’lum qildi. Livandagi xavfsizlik manbalariga ko‘ra, hujum “Hizbulloh”ning muhim ob’ektlari yaqinida sodir etilgan. Manbalarga ko‘ra, ularning nishoni “Hizbulloh” operatsiyalariga boshchilik qiluvchi qo‘mondon Ibrohim Oqil bo‘lgan. Ammo ayni paytda uning taqdiri noma’lum.
“Reuters” guvohlari hujum paytida shahar uzra reaktiv shovqinini eshitgan va hududdan tutun buluti ko‘tarilayotganini ko‘rgan. Livanning “Al-Jadeed” telekanali nishonga olingan hududdan olingan suratlarni e’lon qildi. Ularda yonib ketgan mashinalar va vayronalarga to‘lib-toshgan ko‘chani ko‘rish mumkin.
“Hizbulloh”ning “Al-Manar” telekanali Dahiye deb nomlanuvchi janubiy chekka hududlar bosqinga uchraganini ma’lum qildi va bir nafar inson halok bo‘lgani hamda 14 kishi yaralangani haqida xabar berdi. Biroq bu dastlabki ma’lumotlar ekani aytilmoqda.
Ma’lumot uchun, 17 sentyabr kuni Livanning turli hududlarida “Hizbulloh” a’zolarining peyjerlari portlagan edi. Hodisa oqibatida 2,8 mingga yaqin odam jarohat olgan, 12 kishi halok bo‘lgan, ular orasida 10 yoshli qiz ham bor. Livan xavfsizlik xizmatidagi yuqori martabali manba va boshqa suhbatdoshiga tayanib, “Reuters” Isroilning “Mossad” razvedka xizmati peyjer portlashlaridan bir necha oy oldin Livandagi “Hizbulloh” harakati tomonidan buyurtma qilingan Tayvanning Gold Apollo kompaniyasining 5000 peyjeriga oz miqdorda portlovchi moddalar o‘rnatganini xabar berdi. Gold Apollo kompaniyasi esa “Hizbulloh” tomonidan buyurtma qilingan peyjerlarni ishlab chiqarishga aloqasi yo‘qligini aytdi. Unga ko‘ra, Budapeshtda ro‘yxatdan o‘tgan BAC Consulting KFT kompaniyasi bilan shartnoma tuzilgan bo‘lib, BAC Tayvan brendidan foydalanishi mumkin, lekin mahsulotni mustaqil ravishda ishlab chiqaradi. AQSH Mudofaa vazirligi ham Livanda “Hizbulloh” a’zolari tomonidan foydalaniladigan peyjerlarning ommaviy portlashiga aloqadorligini rad etdi.
18 sentyabr kuni esa Livan sharqidagi Bekaa hududida aloqa vositalari ommaviy tarzda portlab ketdi. Hodisa oqibatida 3 kishi halok bo‘lgan.
“Hizbulloh” Bosh kotibi Hasan Nasrulloh kecha, 19 sentyabr kuni Isroilning so‘nggi hujumlari Livandagi qarshilik tarixiga jiddiy zarba bo‘lganini aytdi va Isroilning ushbu hujumlariga javob choralari haqida gapirar ekan, sodir bo‘lgan voqealarga javob adolatli qasos bo‘lishiga, uning vaqtini, joyini va tabiatini “Hizbulloh” belgilashiga va’da berdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 sentyabr kuni Isroil aviatsiyasi Livandagi “Hizbulloh” pozitsiyalariga bir qator havo hujumlarini amalga oshirgandi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr