Isroil Livanga nisbatan “xavfli o‘yin” o‘ynamoqda – “Axios”
Olam
−
03 dekabr
3343Amerika rasmiylari Isroilning Livan janubidagi harakatlaridan xavotirda va isroilliklar “xavfli o‘yin” o‘ynayapti, deb hisoblamoqda. Bu haqda manbalarga tayanib, “Axios” portali xabar berdi.
“Isroilliklar oxirgi kunlarda xavfli o‘yin ko‘rsatishmoqda”, deydi amerikalik amaldor.
Vashington yahudiy davlatiga o‘z harakatlaridan xavotir bildirgan.
Shu bilan birga, “Axios” Isroil va Livan vakillari Oq uyga chegarada so‘nggi paytlarda yuzaga kelgan keskinliklarga qaramay, o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga sodiq ekanliklarini bildirganliklariga e’tibor qaratadi.
Ma’lumot uchun, Isroil va “Hizbulloh” 27 noyabr kuni Livanda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Shartnoma shartlariga ko‘ra, Isroil qo‘shinlari yaqin 60 kun ichida Livan hududini tark etadi. AQSH va Fransiya, xususan, sulhning to‘liq bajarilishini ta’minlash uchun harakat qilmoqda. Isroil Bosh vaziri Netanyaxuning ta’kidlashicha, Isroil o‘z xavfsizligiga tahdid soladigan har qanday tahdidga qarshi harakat qilish huquqini va “Hizbulloh” bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni “qo‘llash erkinligini” saqlab qoladi. Kelishuv davomida Netanyaxu, shuningdek, agar “Hizbulloh” qurollansa yoki chegara yaqinidagi infratuzilmasini tiklasa, Isroil Livandagi janglarni qayta boshlashiga va’da bergan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 2 dekabr kuni Livan va Isroil bir-birini sulhni buzganlikda ayblagandi. Bildirilishicha, Isroil Livanga katta havo hujumlarini amalga oshirdi, oqibatda 11 kishi vafot etgan. Qayd etilishicha, bu hujumlar “Hizbulloh” kelishuvni buzib, bir necha marta raketa otganiga javoban amalga oshirilgan.
Isroil mudofaa kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Gerzi Halevi Isroil armiyasining Shimoliy qo‘mondonligi shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda harbiylar "o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining qo‘pol ravishda buzilishiga qat’iy javob berishini" aytgan.
LiveBarchasi