Isroil Livandagi BMT tinchlikparvar kuchlari mashinasiga zarba berdi
Olam
−
30 mart
3988Isroil Qurolli kuchlari respublika janubida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Livandagi Muvaqqat kuchlari (UNIFIL) avtomobiliga dron bilan hujum qildi. Bu haqda Livan milliy axborot agentligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, UNIFIL mashinasiga hujum Rmeish qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan. Mashinada Birlashgan Millatlar Tashkilotining sulhni nazorat qilish boshqarmasi (UNTSO) xodimlari bo‘lgani va tinchlikparvar kuchlar Rmeish yaqinida kelishilgan patrul xizmatini amalga oshirayotgani aytilgan.
Agentlikning qayd etishicha, mashinaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba berish oqibatida uch nafar ofitser va fuqarolik tarjimoni jarohatlangan. Unga ko‘ra, jabrlanganlarni evakuatsiya qilish uchun voqea joyiga UNIFIL vertolyoti yetib kelgan.
Isroil Mudofaa kuchlari esa UNIFIL mashinasining o‘qqa tutilishi haqidagi ma’lumotni rad etdi.
“Lebanon 24” telekanalining xabar berishicha, Isroil harbiy-havo kuchlari qiruvchilari Livan janubidagi Al-Tayba shahriga uchta zarba bergan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Hizbulloh” harakatining qurolli qanoti jangchilari ertalab Isroilning Ramim aholi punktidagi armiya kazarmalarini o‘qqa tutgan. Harakatning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilingan bayonotda ta’kidlanishicha, zarba “G‘azo sektoridagi sobit Falastin xalqini” qo‘llab-quvvatlash maqsadida uyushtirilgan.
Kecha, 29 mart kuni esa Isroil harbiy-havo kuchlari samolyotlari Halab shahri yaqinidagi (Damashqdan 360 km uzoqlikdagi) harbiy nishonlarga raketa hujumlarini amalga oshirgan. “Al Hadath” telekanalining xabar berishicha, Suriya armiyasi tomonida jang qilayotgan “Hizbulloh” bo‘linmalariga tegishli qurol-yarog‘ omborlari hujumga uchragan. “Sky News Arabia” telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, 44 kishi, jumladan, 7 nafar “Hizbulloh” jangchisi halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam va ishlar agentligi (UNRWA) olib ketayotgan insonparvarlik oziq-ovqat karvoni Isroil dengiz kuchlari tomonidan o‘qqa tutilgandi.
LiveBarchasi