Isroil Xalqaro sudda Misrni G‘azoga yordam yetkazishga to‘sqinlik qilishda aybladi

Olam

апр

Isroil Gaagadagi Xalqaro sudning yig‘ilishida Misrni G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami kelishiga to‘sqinlik qilishda aybladi. Rasmiy Qohira o‘ziga qarshi ayblovlarni yolg‘on deb atadi. Bu borada davlat axborot xizmati rahbari Diya Rashvan bayonot berdi.

“Qohira Isroil tomonining Falastin anklavidagi aholiga gumanitar yordam yetkazilishidagi uzilishlar va to‘siqlar uchun Misr javobgar ekani haqidagi yolg‘on ayblovlarini qat’iyan rad etadi”, deydi Rashvan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil sudda G‘azoda sodir etilgan jinoyatlarga oid hujjatli dalillar taqdim etilganda, qoralashdan qochish uchun bu ayblovlarni Misrga yuklagan.

Rashvanning tushuntirishicha, isroillik vazirlar avvalroq ochiqchasiga insonparvarlik yordamining hududga kirishiga yo‘l qo‘ymasliklarini bildirgan, chunki bu “Isroil G‘azoga qarshi olib borayotgan urushning bir qismi”, deb da’vo qilgan. 

"Misrning suvereniteti ko‘plab gumanitar yuklar yetkaziladigan Rafah o‘tish joyining faqat o‘z tarafiga tegishli, G‘azo tomonida esa Rafah o‘tish joyi ishg‘olchi Isroil hukumati boshqaruvi ostida", deyiladi bayonotda.

Rasmiyning ta’kidlashicha, Misr tomonidagi Rafah nazorat punkti "doimiy asosda ochiq", buni G‘azodagi vaziyat keskinlashganidan keyin Rafahga tashrif buyurgan o‘nlab delegatsiyalar va ko‘plab xalqaro tashkilotlar vakillari, jumladan, BMT Bosh kotibi ham tasdiqlashi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida, Janubiy Afrika 2023 yil 29 dekabrda Gaagadagi Xalqaro sudga “Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risida”gi konvensiyani buzgani uchun Isroilga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Hujjatda ta’kidlanishicha, Isroil rasmiylarining xatti-harakatlari genotsid sifatida tavsiflanishi mumkin, chunki ushbu qirg‘in “G‘azodagi falastinliklarni Falastin milliy, irqiy va etnik guruhining bir qismi sifatida yo‘q qilish” maqsadida amalga oshirilmoqda. Bunday holda, Janubiy Afrika tomoni suddan Isroil konvensiya bo‘yicha o‘z majburiyatlarini buzayotganligi va G‘azo sektoridagi barcha harbiy harakatlarni to‘xtatib, tovon to‘lashi kerakligi haqida hukm chiqarishini so‘rayapti.

Ishning mohiyatini ko‘rib chiqish keyinroq boshlanadi va kamida bir necha yil davom etishi kutilmoqda. 11-12 yanvar kunlari tinglovlar bo‘lib o‘tdi. Unda dastlab Janubiy Afrika, ertasi kuni esa Isroilning pozitsiyasi tinglandi. 

Janubiy Afrika vakillarining so‘zlariga ko‘ra, falastinliklar huquqlarini “bundan keyin ham jiddiy va tuzatib bo‘lmaydigan” buzilishidan himoya qilishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar muhim ahamiyatga ega. Da’vogar tomonning advokatlari o‘z chiqishlari davomida Isroil Falastinga nisbatan aparteid siyosatini olib borayotganini, G‘azo sektoridagi harbiy amaliyot esa genotsid ekanini ta’kidladi. Ular suddan Isroildan G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotini to‘xtatish va Falastin xalqiga qarshi genotsidning oldini olish choralarini ko‘rishni talab qildi. 

O‘z navbatida, Isroil BMT Xalqaro sudidan Janubiy Afrikaning da’vosini rad etishni so‘radi. Delegatsiya matbuot kotibi Tal Bekkerning so‘zlariga ko‘ra, bu Isroilni xalqaro qonunchilikka ko‘ra o‘zini misli ko‘rilmagan terror hujumidan himoya qilish huquqidan mahrum etishga qaratilgan.

Bekker Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotidan maqsad Falastin xalqini yo‘q qilish emas, balki o‘z xalqini himoya qilish ekanini da’vo qildi.

“Bu yerda genotsid atamasining asosiy tarkibiy qismi – xalqni yo‘q qilish niyati butunlay yo‘q”, deydi Isroil vakili.

Tinglovlarda Isroil tomonida ishtirok etayotgan britaniyalik advokat Malkolm Shou ham Isroilning G‘azo sektorini doimiy ravishda bosib olish va u yerdan odamlarni ko‘chirish maqsadi yo‘qligini ta’kidladi.

“Isroil Falastin aholisiga emas, HAMAS terror tashkilotiga qarshi kurashmoqda va buni xalqaro qonunlarga muvofiq amalga oshirmoqda”, deydi Shou.

Sudning profilaktika choralari haqidagi hukmi bir necha hafta ichida e’lon qilinishi kutilmoqda. Sud qarorlari majburiydir, ammo sudda ularni ijro etish mexanizmlari mavjud emas.


Maqola muallifi

Teglar

Misr Isroil JAR Xalqaro sud

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing