Isroil qo‘shinlari G‘azodagi asosiy yo‘lakdan chiqib ketdi

Olam

image

Isroil G‘azo sektorining markazini ajratib turuvchi Netzarim koridoridan harbiylarini olib chiqdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Isroil harbiylari bu hududni Isroil va HAMAS guruhi o‘rtasida imzolangan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi doirasida tark etgan.

Joriy yil yanvar oyi oxirida Isroil askarlari Netzarim yo‘lagining g‘arbiy qismini tark etgan edi. Endi esa sharqiy qismidan ham chiqib ketdi. Harbiylar chiqib ketganidan so‘ng falastinliklar yo‘lakning sharqiy qismiga kela boshlagan.

Ma’lumot uchun, Netzarim yo‘lagi G‘azo sektorini shimoliy va janubiy qismlarga ajratib turadi. Isroil urush davomida ushbu hududni harbiy zona sifatida ishlatgan. O‘t ochish to‘xtatilgach, Isroil falastinliklarga ushbu yo‘lakdan o‘tishga ruxsat bera boshladi va ular G‘azoning shimolidagi uylariga qaytish imkoniga ega bo‘ldi.

Isroil va HAMAS o‘rtasida imzolangan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga ko‘ra, Isroil harbiylari sulh boshlanganining 21-kunida Netzarim yo‘lagini tark etishi lozim edi. Shu bilan birga, Isroil askarlari G‘azo sektori va Isroil chegarasi bo‘ylab uzunligi bir kilometrgacha bo‘lgan bufer zonasida qolishi mumkin. Isroil kuchlari hozircha Filadelfiya yo‘lagida – G‘azo sektori va Misr chegarasi bo‘ylab joylashgan hududda qolmoqda. Kelishuvga muvofiq, Isroil ushbu yo‘lakdan sulhning 50-kunida chiqib ketishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, Isroil va HAMAS sulh doirasida 19 yanvardan beri besh marotaba asir almashdi. So‘nggi almashinuv 8 fevral kuni bo‘lib o‘tgan bo‘lib, unda HAMAS uch nafar garovdagilarni qo‘yib yuborgan, Isroil esa 183 nafar falastinlik mahbusni ozod qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo Netzarim koridori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing