Isroil harbiylari BMTning Livandagi kuzatuv minorasini buzib tashladi
Olam
−
21 Oktabr
2952Kecha, 20 oktyabr kuni Isroil harbiylari buldozeri atayin Birlashgan Millatlar Tashkilotning Livandagi Muvaqqat kuchlari (UNIFIL) pozitsiyasidagi kuzatuv minorasi va perimetrdagi to‘siqlarini buzib tashladi. Bu haqda UNIFIL bayonot berdi.
“Bugun Isroil Mudofaa kuchlari buldozeri Marvaxinda (janubiy Livanda) joylashgan BMT pozitsiyasidagi kuzatuv minorasi va perimetr to‘siqlarini qasddan buzib tashladi”, deyiladi tashkilotning Telegram-kanalidagi bayonotida.
Shundan so‘ng tashkilot mojaro tomonlarini BMT xodimlari va mulklarining xavfsizligini ta’minlashga chaqirgan.
Ma’lumot uchun, Isroilning Livan janubida olib borayotgan operatsiyasi fonida UNIFIL o‘z pozitsiyalariga ular tomonidan hujumlar uyushtirilganini bir necha bor bildirgan. Tinchlikparvarlar ma’lumotiga ko‘ra, Isroil harbiylari tayanch punktlarni, jumladan, ikki Italiya bazasini va UNIFIL bosh shtabini o‘qqa tutgan. Italiyaning yuqori martabali vakillari Isroil harakatlarini bir necha bor nomaqbul deb atagan.
Isroil 1 oktyabrdan beri “Hizbulloh” kuchlariga qarshi Livanning janubida quruqlikdagi operatsiyalarni olib bormoqda va qo‘shni mamlakatga havo zarbalarini davom ettirmoqda. Bu tajovuzda 2000 dan ortiq odam, jumladan, harakat yetakchilari halok bo‘ldi, milliondan ortiq odam esa uylarini tark etdi. Yo‘qotishlarga, jumladan, qo‘mondonlar tarkibidagi talafotlarga qaramay, “Hizbulloh” quruqlikdagi janglarni davom ettirmoqda va Isroil hududiga raketa hujumlarini to‘xtatmayapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Ras-Naqura hududidagi UNIFIL bazasini o‘qqa tutishi oqibatida BMTning ikki tinchlikparvar askari yaralangan edi.
LiveBarchasi