Isroil G‘azoni to‘liq anneksiya qilmoqchi – OAV
Olam
−
29 iyul 4084 2 daqiqa
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu harbiy-siyosiy Vazirlar Mahkamasiga G‘azo sektorini to‘liq qo‘shib olish rejasini taqdim qilmoqchi. Bu haqda bugun, 29 iyul kuni manbalariga tayanib, Isroilning “Haaretz”gazetasi xabar berdi.
“Isroil HAMASga o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishi uchun bir necha kun muhlat berayotganini e’lon qiladi va rad javobi berilgan taqdirda Falastin hududlarini bosqichma-bosqich anneksiya qilishni boshlaydi”, deya ta’kidlaydi gazeta.
“Haaretz” suhbatdoshlariga ko‘ra, avval bufer zonasidagi hududlar, so‘ngra G‘azo sektorining shimoliy qismidagi Isroilning Sderot va Ashkelon shaharlariga tutash hududlari qo‘shib olinadi.
“Jarayon butun mintaqa anneksiya qilinmaguncha davom etadi. Netanyaxu vazirlarga AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bu rejani qo‘llab-quvvatlashini aytdi”, deb yozadi “Haaretz”.
Gazeta manbalarining bildirishicha, Isroil moliya vaziri, o‘ta o‘ng siyosatchi Betsalel Smotrich G‘azoni anneksiya qilish rejasi amalga oshirilsa, Netanyaxuga hukumatda qolishga va’da bergan.
Avvalroq Smotrich va Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir agar hukumat G‘azo sektorida HAMAS butunlay yo‘q qilinmaguncha o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lsa, iste’foga chiqish va hukmron koalitsiyani parchalash bilan tahdid qilgan edi.
“The Times of Israel” gazetasining Isroil televideniyesining 12-kanaliga tayanib, xabar berishicha, Isroil Vazirlar Mahkamasi G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatish, jumladan, to‘liq bosib olish uchun bir nechta variantni ko‘rib chiqmoqda. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, HAMAS harakat qilayotgan hududni anneksiya qilish yoki shaharlarni blokirovka qilish imkoniyati bir kun avval harbiy-siyosiy Vazirlar Mahkamasining qisqartirilgan formatdagi majlisida muhokama qilinishi kerak bo‘lgan.
“Blokadada G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yetkazilishi to‘xtatiladi”, deb yozadi “The Times of Israel”.
Xabarlarga ko‘ra, rasmiylar Falastin hududiga elektr energiyasini uzib qo‘yish masalasini ham ko‘rib chiqmoqda. Agar reja amalga oshsa, isroillik harbiylar garovga olinganlar saqlanadigan hududlarga ko‘chib o‘tadi. Hozirgacha ular buni qilishdan qochdi. SAXAL yaqinda G‘azo sektorining qariyb 75 foizini nazorat qilayotganini aytdi.
27 iyul kuni Isroil G‘azo sektorining ayrim qismlarida har kuni jangovar harakatlarni to‘xtatib, insonparvarlik yordami uchun yangi yo‘laklar ochishini e’lon qildi. Ertasi kuni Tramp g‘azoliklar ochlikdan azob chekayotganini tan oldi va gumanitar yordamga erishishni osonlashtirish uchun mintaqada oziq-ovqat markazlarini tashkil etish rejalarini e’lon qildi. O‘tgan hafta Netanyaxu va Tramp HAMASning kelishuvga erishishni istamasligini aytib, u bilan muzokaralardan voz kechdi.