Isroil G‘azoga yanada chuqur kirib, ko‘proq aholini ko‘chishga majburlamoqda

Olam

image

Bugun, 3 sentyabr kuni Isroil armiyasi tank va askarlar bilan G‘azo shahrining eng yirik va aholisi zich tumanlaridan biri – Shayx Radvonga kirib bordi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

So‘nggi haftalarda Isroil kuchlari shaharning tashqarisidagi mahallalar orqali olg‘a siljib, xalqaro chaqiriqlarga qaramasdan, shahar markazidan bir necha kilometr uzoqlikda joylashishga erishdi.

G‘azo shahridagilarning aytishicha, harbiylar qariyb ikki yil davom etayotgan urushdan qochgan falastinliklar joylashgan uylar va chodir lagerlarini vayron qilgan. Bugun, 3 sentyabr kuni G‘azo bo‘ylab, asosan shaharning o‘zida kamida 24 falastinlik, shu jumladan, bolalar halok bo‘lgani xabar qilindi.

“Shayx Radvonga tamomila yopirilyapti. Okkupatsiya uylarni yiqitdi, chodirlarni yoqdi, dronlar orqali odamlarga hududdan chiqish buyruqlari berildi. Agar G‘azo shahri bosib olinishini to‘xtatishmasa, biz o‘lamiz. Va biz o‘z o‘limimizni oldini olish uchun hech narsa qilmaganlarni kechirmaymiz”, dedi 60 yoshli besh farzandning onasi Zakeya Sami. 

Guvohlarning aytishicha, harbiylar Shayx Radvondgi qochqinlar boshpanasiga aylangan uchta maktabni granata bilan o‘qqa tutgan va chodirlar yonib ketgan. Shuningdek, shifoxona va ikkita tez yordam mashinasi ham vayron qilingan.

Isroil armiyasi bugun bayonot berib, G‘azoda “terrorchi tashkilotlarga” qarshi harakatlarni davom ettirishini va “Isroil davlatining xavfsizligiga tahdidni bartaraf qilishini” bildirdi.

Bosh vazir Binyamin Netanyahu armiyaga shaharni egallashni buyurgan, uning ta’rificha, bu HAMASning so‘nggi boshpanasi. Uning fikricha, HAMAS qurolini tashlamasa va taslim bo‘lmasa, mutlaqo mag‘lub qilinishi kerak.

Shu bilan birga, Isroil armiyasi siyosiy rahbariyatni otishmani to‘xtatib, otashkesimga kelishuvga erishishga chaqirgan, chunki hujum G‘azoda tutqinlar va askarlarni xavf ostiga qo‘yadi. Ammo Netanyahu “HAMAS ustidan hal qiluvchi g‘alaba qozonilmaguncha amaliyotlar to‘xtamaydi”, degan fikrda qolmoqda.

Isroil ichida esa jamoatchilik orasida urushni tugatish va tutqinlarni ozod qilish tarafdorlari ko‘paygan. Ierusalimda namoyishchilar milliy kutubxona tomiga chiqib: “Sizlar bizlarni tashlab qo‘ydingiz va o‘ldirdingiz”, degan yozuvli banner ilishdi.

Bir millionga yaqin falastinlik ko‘chirilishi mumkin

“Bizga askarlarimiz uyga qaytishi kerak. Bizga tutqinlarimiz uyga qaytishi kerak. Ular u yerda juda uzoq vaqt turishdi. Urushni hozir to‘xtating”, dedi Tel-Avivlik 50 yoshli Ravid Vekselbaum.

Kecha, 2 sentyabr kuni yuz minglab zaxirachi askarlar operatsiyani qo‘llab-quvvatlash uchun chaqirilgan. Ular, asosan, razvedka yoki G‘arbiy sohilda xizmat qilayotgan askarlarni almashtirish kabi nokombat vazifalarni bajarishi kutilmoqda.

G‘azo shahriga qilingan hujum qariyb yarim aholi – 1 million falastinlikni yana ko‘chirish bilan tahdid qilmoqda. Armiya aholiga uylarini tashlab chiqishni buyurgan, ammo ko‘plab oilalar qochishdan bosh tortmoqda.

2023 yil 7 oktyabrdan beri G‘azoda Isroil armiyasi zarbalaridan 63 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. Sog‘liqni saqlash idoralari 367 kishi, shu jumladan 131 bola, ozuqa yetishmasligi tufayli ochlikdan va ojizlikdan vafot etganini ham xabar qildi. Isroil rasmiylari G‘azoda ochlik borligini tan olsa-da, ommaviy ocharchilik ayblovlarini rad etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing