Isroil G‘azodagi yana bir maktabga hujum qildi. Qurbonlar bor
Olam
−
27 iyul
3810Bugun, 27 iyul kuni Isroil qo‘shinlarining G‘azo markazidagi Dayr al-Baladagi maktabga bergan zarbasi oqibatida kamida 30 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Bu haqda Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiylariga tayanib, “Arab News” xabar berdi.
Eng ko‘p ko‘chirilgan oilalar yashovchi Dayr al-Baladagi maktabga qilingan zarbada yana 100 dan ortiq kishi jarohat olgan. Qurbonlarning aksariyati ayollar va bolalardir.
Isroil Mudofaa vazirligi esa, aksincha, HAMAS guruhiga tegishli qo‘mondonlik markaziga zarba berganini bildirdi.
“G‘azo markazidagi Hadicha maktabi majmuasi ichidagi HAMAS qo‘mondonlik va nazorat markazi nishonga olindi”, deyilgan Isroil harbiylarining bayonotida.
Isroil Mudofaa vazirligining iddao qilishicha, harbiylar qarshi hujum uyushtirishda maktabdan qurol ombori sifatida foydalangan va zarba berishdan oldin bu bo‘yicha tinch aholi ogohlantirilgan.
Dayr al-Baladagi Al-Aqso shifoxonasida tez yordam mashinalari yaralangan falastinliklarni tibbiy muassasaga olib borgan. Ba’zi yaradorlar esa kiyimlari qonga bo‘yalgan holda shifoxonaga piyoda yetib kelgan.
G‘azo sog‘liqni saqlash organlariga ko‘ra, shu paytgacha anklavda Isroilning zarbalari oqibatida 39 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan.
Isroilning aviatsiya qo‘shinlari joriy yilning iyul oyi o‘rtalarida Dayr al-Bala shahridagi uylardan biriga zarba berishi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgandi. G‘azo sektorining markaziy qismidagi “Nusayrat” qochqinlar lagerining shimoliy hududlari ham Isroil artilleriyasi tomonidan o‘qqa tutilgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil qo‘shinlari AQSH hamda Buyuk Britaniya bilan birgalikda Yamanning Xodeyda port shahridagi yoqilg‘i omborlariga hujum qilgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, falastinliklar yashiringan Xon Yunusdagi maktabga qilingan Isroil hujumida ham ko‘plab bolalar qurbon bo‘lgandi.
LiveBarchasi