Isroil G‘azodagi tibbiyot muassasalariga 41 marta hujum qildi – JSST 

Olam

image

Joriy yilning 7 oktyabridan buyon Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi tibbiyot muassasalariga 41 marta tasdiqlangan hujumni amalga oshirdi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti matbuot kotibi Tarik Yasarevich ma’lum qildi.

U G‘azo sektoridagi sog‘liqni saqlash tizimi holatini “o‘ta xavotirli” deb atagan.

Yasarevichning so‘zlariga ko‘ra, Falastin anklavidagi shifoxonalar ko‘plab bemorlarni qabul qilishda davom etmoqda, shuning uchun ham tibbiyot muassasalari gavjum.

JSST vakilining ta’kidlashicha, shaharning yoqilg‘i zaxiralari kamayib boryapti va mintaqaga dori-darmon olib kirishning imkoni yo‘q.

Yasarevich xalqaro gumanitar huquqqa ko‘ra, tibbiyot xodimlari, tibbiyot muassasalari va bemorlar himoya qilinishi kerakligini ta’kidlagan.

“7 oktyabrdan beri G‘azodagi sog‘liqni saqlash muassasalariga 41 ta hujum uyushtirilgani tasdiqlandi. 11 nafar tibbiyot xodimi xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘ldi, 16 nafari yaralandi. Hujumlar soni ortishi bilan bu raqamlar yanada ko‘payishi mumkin”, degan u.

Isroil-Falastin mojarosi

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida G‘azoda 2750 kishi halok bo‘lgan, 9700 kishi jarohatlangan. G‘arbiy sohilda esa 58 odam o‘lgan, 1250 kishi yaralangan. Isroil tomonidan qurbon bo‘lganlar soni 1,3 ming kishini tashkil etadi. 351 nafar odam esa shifoxonaga joylashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

JSST Isroil G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing