Isroil G‘azodagi maktabga hujum uyushtirdi. 25 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
03 aprel
2181Isroil tomonidan G‘azo shahrining sharqida joylashgan ko‘chirilgan odamlar panoh topgan maktabga uyushtirilgan hujum oqibatida kamida 25 kishi halok bo‘ldi, 100 nafari jarohat oldi. Bu haqda “Al-Aqsa” telekanali xabar berdi.
“Isroil tomonidan uyushtirilgan otishma oqibatida At-Tufah tumanida joylashgan Dar al-Arqam maktabida boshpana topgan 25 kishi halok bo‘ldi, 100 nafari jarohatlandi”, deyiladi telekanal xabarida.
G‘azo sektori Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil 18 martdan buyon Falastin anklavida halok bo‘lganlarning soni 1,1 ming kishidan oshgan, jarohat olganlar esa 2,7 ming nafardan ko‘proqni tashkil etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil yanvar oyida Isroil va HAMAS Misr, Qatar hamda AQSH vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzolagan edi. Biroq Isroil 18 mart kuni G‘azo sektoriga zarbalar berishni qayta boshladi. Ushbu qaror HAMAS Isroil asirlarini ozod qilishdan bir necha bor bosh tortgani va barcha takliflarni rad etgani sababli qabul qilingani bilan izohlandi.
20 mart kuni esa Isroil G‘azo sektorining markazi va janubida quruqlikdagi harbiy operatsiyalarni ham qayta boshladi. Armiyaning asosiy vazifalari sifatida “xavfsizlik hududini kengaytirish” va “eksklavning shimoli va janubida qisman bufer zonasini yaratish” qayd etilgan. Bundan tashqari, armiya “Golan” brigadasini Isroil janubiga joylashtirishga qaror qilgan. Harbiylar “G‘azo sektoridagi operatsiyalar uchun to‘liq jangovar tayyorgarlik holatida” qolishi ma’lum qilingan.
LiveBarchasi
Trenddagilar




