Isroil G‘azodagi aholini evakuatsiya qilish uchun 24 soat muddat berdi
Olam
−
13 Oktabr 2023
7282Isroil 1,1 million falastinlikni G‘azo sektoridan janubga evakuatsiya qilish uchun 24 soat vaqt berganini e’lon qildi. Bu haqda Isroil armiyasi bayonot berdi.
“Isroil armiyasi G‘azoda aholisini uylarini tark etishga, o‘z himoyasi uchun janubga ko‘chib o‘tishga va xaritada ko‘rsatilganidek G‘azo daryosining janubidagi hududga joylashishga chaqiradi. HAMAS terror tashkiloti Isroil davlatiga qarshi urush boshladi. Hududda janglar avjiga chiqqan. Evakuatsiya shaxsiy xavfsizligingiz uchun zarur. G‘azoga faqat xabar berilgandan keyin qaytish mumkin bo‘ladi”, deyiladi bayonotda.
BMT Bosh kotibining rasmiy vakili Stefan Dyujarrik esa bunday ko‘chirishni halokatli gumanitar oqibatlarsiz amalga oshirish imkonsiz ekanini aytdi. BMT vakilining qayd etishicha, Isroil talabi tashkilotning barcha xodimlari va uning muassasalaridan boshpana topayotganlarga ham tegishli. Shuningdek, u Isroilni “fojia ko‘lami kengaymasligi” uchun talabini bekor qilishga chaqirdi.
G‘azo Ichki ishlar vazirligi esa Isroil orqadan hujum qilish va fuqarolarni chiqarib yuborish uchun psixologik urushga e’tibor qaratayotganini aytgan.
O‘z navbatida, Isroil armiyasi HAMASni tinch aholidan “inson qalqoni” sifatida foydalanganlikda aybladi.
“Yaqin kunlarda Isroil armiyasi G‘azoda faollikni davom ettiradi va tinch aholiga zarar yetkazmaslik uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshiradi”, deyiladi bayonotda.
Isroil-Falastin mojarosi
Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. 9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi.
Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi. Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.
So‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida G‘azoda 1537 kishi, jumladan 500 bola va 276 ayol halok bo‘lgan. Isroil tomonidan qurbon bo‘lganlar esa 1,3 ming kishiga yetgan.
LiveBarchasi