Isroil G‘azoda ochlikdan qurol sifatida foydalanmoqda – HRW
Olam
−
19 dekabr 2023 2972 2 daqiqa
Isroil G‘azo sektorida tinch aholi ochligidan qurol sifatida foydalanmoqda. Bunday baho Nyu-Yorkda joylashgan Human Rights Watch (HRW) inson huquqlari tashkiloti tomonidan berildi.
"Ikki oydan ortiq vaqt davomida Isroil G‘azo aholisini oziq-ovqat va suvdan mahrum qilib kelmoqda, bu Isroilning yuqori martabali amaldorlari tomonidan qo‘zg‘atilgan yoki ma’qullangan urush siyosati va tinch aholini ochlikdan o‘ldirish niyatini aks ettiradi", deydi HRW’ning Isroil va Falastin bo‘yicha eksperti Umar Shokir.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning yuqori martabali amaldorlari, jumladan, Mudofaa vaziri Yoav Gallant, Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir va Energetika vaziri Israel Kats Isroil kuchlari tomonidan olib borilayotgan siyosatni aks ettiruvchi G‘azo sektoridagi tinch aholini oziq-ovqat, suv va yoqilg‘idan mahrum qilish maqsadini bildirib, ommaviy bayonotlar bergan. Isroilning boshqa rasmiylari esa G‘azoga insonparvarlik yordami yo HAMAS tomonidan garovga olinganlarning ozod etilishiga yoki HAMASning yo‘q qilinishiga bog‘liq bo‘lishini ochiq aytgan.
HRW xalqaro gumanitar huquqda fuqarolarning ochligidan qurol sifatida foydalanish taqiqlanganini va yahudiy davlati 1949 yilgi Jeneva konvensiyasiga ko‘ra, urush vaqtida fuqarolarni himoya qilish bo‘yicha anklavdagi tinch aholini oziq-ovqat va dori-darmon bilan ta’minlashga majbur ekanini ta’kidlaydi.
"Dunyo yetakchilari G‘azo xalqi uchun halokatli oqibatlarga olib keladigan bu dahshatli urush jinoyatiga qarshi chiqishlari kerak", deydi Shokir.
U Isroilni anklavga suv va elektr energiyasidan foydalanish imkoniyatini tiklashga hamda oziq-ovqat, tibbiy yordam va yoqilg‘ini G‘azoga, jumladan Kerem Shalom o‘tish joyi orqali olib o‘tishga ruxsat berishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Human Rights Watch Xalqaro inson huquqlari tashkiloti Isroil Livan va G‘azo sektoriga qarshi harbiy amaliyotlar chog‘ida oq fosfor ishlatganini ma’lum qilgandi.