Isroil G‘azoda qanday quroldan foydalanayotganini aytdi

Olam

image

Isroil harbiylari xalqaro qonunlarga muvofiq harakat qilayotganini hamda G‘azo sektorida eng yengil va aniq qurollardan foydalanganini aytdi. Bu haqda Isroil armiyasi (SAXAL) matbuot kotibi Jonatan Konrikus ma’lum qilmoqda.

"Biz xalqaro huquqqa sodiqmiz va odatda (G‘azo sektoridagi) aniq nishonlarni urish uchun eng yengil va aniq qurollardan foydalanishga harakat qilyapmiz", dedi u.

Konrikusning ma’lum qilishicha, Isroil armiyasining qurollari "NATO" standartlariga javob beradi.

Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti Isroil Livan va G‘azo sektoriga qarshi harbiy amaliyotlar chog‘ida oq fosfor ishlatganini ma’lum qilgan edi. Tashkilot ushbu turdagi qurolni tinch aholi punktlarida joylashgan ob’ektlarga qarshi qo‘llash taqiqlanganligini va G‘azoning zich joylashgan hududlarida foydalanish xalqaro gumanitar qonunlarga zid ekanligini ta’kidlagan edi.

Avvalroq, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Isroilning G‘azo shimolidagi shifoxonalarni evakuatsiya qilish haqidagi buyrug‘i kasallar va yaradorlar uchun o‘lim jazosi ekanligi haqida bayonot bergan edi.

Isroil-Falastin mojarosi

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 1,9 ming kishiga yetdi. Ulardan 614 nafari bola va 370 nafari ayol, 7696 nafari esa jarohatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Falastin Isroil G'azo sektori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing