G‘azo sektorida halok bo‘lganlar 1,9 mingdan oshdi

Olam

image

Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlari oqibatida 1,9 ming falastinlik halok bo‘ldi. Bu haqda G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligining Facebook'dagi sahifasida ma’lum qilindi.

Vazirlikka ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida 614 nafar bola bor.

“Halok bo‘lganlar soni 1,9 ming kishiga yetdi. Ulardan 614 nafari bola va 370 nafari ayol, 7696 nafari esa jarohatlangan”,  deyiladi vazirlik bayonotida.

Shuningdek, vazirlik blokada va doimiy bombardimon ostida qolgan G‘azo sektoridagi sog‘liqni saqlash tizimi qulash arafasida ekanini bildirgan.

Avvalroq UNICEF ko‘p sonli bolalar halok bo‘lgan Falastinda sodir bo‘layotgan voqealarni "dahshatli manzara" deb atagan va portlashni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Isroil 1,1 million falastinlikni G‘azo sektoridan janubga evakuatsiya qilish uchun 24 soat vaqt bergandi. 

Isroil-Falastin mojarosi

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

qurbonlar Isroil G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing