Isroil G‘azo va Livanda oq fosfordan foydalangan – HRW 

Olam

image

Xalqaro inson huquqlari tashkiloti Human Rights Watch (HRW) Isroil Livan va G‘azo sektoriga qarshi harbiy amaliyotlar chog‘ida oq fosfor ishlatganini ma’lum qildi. Bu haqda tashkilot saytida chop etilgan hisobotda aytilgan.

“Human Rights Watch tashkiloti tasdiqlangan video tasvirlar va guvohlarning so‘zlariga asoslanib, Isroil qo‘shinlari 2023 yil 10 va 11 oktabrda Livan va G‘azodagi harbiy amaliyotlarda oq fosfor ishlatganini aniqladi”, deyiladi hisobotda.

HRW G‘azoning aholi zich joylashgan hududlarida oq fosfordan foydalanish tinch aholi uchun xavfni oshirishini va xalqaro gumanitar qonunlarga zid ekanini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, oq fosfor samolyot bombalarini, aviatsiya kassetali o‘q-dorilarini, artilleriya snaryadlarini, minalarni, jihozlash uchun ishlatiladi. Yondiruvchi qurollar oddiy qurollar qatoriga kiradi, ammo BMTning 1980 yildagi g‘ayriinsoniy qurollar to‘g‘risidagi konvensiyasining uchinchi protokoli ularni tinch aholiga va fuqarolik ob’ektlariga qarshi, shuningdek, tinch aholi punktlaridagi harbiy nishonlarga hujumlar paytida qo‘llashni taqiqlaydi. Inson huquqlari tashkilotlari fosforli bombalarni kimyoviy qurollar qatoriga kiritishga chaqirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Human Rights Watch Isroil va HAMASni urush jinoyatlarida ayblagandi. HRW HAMASning tinch aholiga qasddan hujum qilishi, bombardimon qilishi va garovga olish holatlarini, Isroilning esa G‘azo sektorida elektr energiyasini o‘chirib qo‘yishi va falastinliklarga nisbatan g‘ayriinsoniy jazo choralarini qo‘llashini urush jinoyati deb atagandi.

Isroil-Falastin mojarosi

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.

So‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida G‘azoda 1537 kishi, jumladan 500 bola va 276 ayol halok bo‘lgan. Isroil tomonidan qurbon bo‘lganlar esa 1,3 ming kishiga yetgan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Livan G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing