Isroil G‘arb davlatlarining ko‘magida G‘azo aholisini qirib tashlamoqda – Erdo‘g‘an 

Olam

image

Isroil ma’muriyati G‘arb davlatlarining so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashi bilan blokadadagi G‘azo sektorining bir hovuch yeriga siqib qo‘yilgan aholini shafqatsizlarcha yo‘q qilmoqda. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Axborot vazirlarining navbatdan tashqari yig‘ilishi ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida aytib o‘tdi.

Turkiya rahbari hozirda G‘azo sektorida 30 mingdan ortiq falastinlik shafqatsizlarcha o‘ldirilgani, 70 mingdan ortiq kishi jarohatlanganini ta’kidladi.

Prezident ushbu uchrashuv butun matbuot hamjamiyatiga, xususan, bosib olingan Falastin hududlarida jurnalistik faoliyatini olib borishga harakat qilayotgan OAV vakillari uchun foydali bo‘lishini tiladi.

Erdo‘g‘an 7 oktyabrdan buyon G‘azo va Isroil tomonidan bosib olingan Falastin hududlarida vahshiyliklar sodir bo‘layotganini qayd etdi.

“Isroil tomonidan o‘ldirilgan g‘azoliklarning aksariyati bolalar, ayollar va qariyalardir. Isroil ishg‘ol kuchlari nafaqat begunoh tinch aholini, balki u yerda bo‘layotgan voqealarni dunyoga yetkazishga harakat qilayotgan matbuot vakillarini ham nishonga olmoqda. Erkin matbuotning ovozini o‘chirish uchun Isroil tomonidan o‘ldirilgan OAV vakillari soni 100 dan oshadi”, deydi Erdo‘g‘an.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning qo‘rqitish siyosatiga qaramay, jurnalistlar har xil tavakkalchiliklarni o‘z zimmalariga olib, G‘azo xalqi va haqiqat oldidagi mas’uliyatlarini bajarmoqda.

Prezident Erdo‘g‘an global mediaga o‘z ta’sirini qo‘llagan Isroil dezinformatsion faoliyatlarini tezlashtirganini ta’kidladi.

“Isroil o‘zining harbiy jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlarini yashirish uchun barcha vositalarni, jumladan, faktlarni buzib ko‘rsatish va tashviqotni qo‘llaydi. G‘arb ommaviy axborot vositalari noxolis xabarlari bilan Isroil tashviqot mashinasiga hissa qo‘shdi. Bunday vaziyatga duch kelgan holda islom mamlakatlari sifatida bizning mas’uliyatimizdan biri yolg‘onning haqiqatni yashirishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. G‘azolik birodarlarimizga qarshi vahshiyliklarni qayd etish va xabar qilish hamda Isroilning dezinformatsiya harakatlarining oldini olish bizning eng muhim vazifalarimizdandir”, deydi Turkiya rahbari.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oy oxirida G‘azo sektorida halok bo‘lgan jurnalistlar soni  119 nafarga yetgani ma’lum bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing